Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 26450 marta o'qildi

Maktab bitiruvchilari uchun umumiy o‘rta ta’lim dasturlarini to‘liq o‘zlashtirgandan keyin yakuniy attestatsiyadan o‘tish majburiydir.

  • Ta’lim dasturlarini davlat ta’lim standartlari talablari darajasida o‘zlashtirgan va o‘quv fanlaridan yil yakuni bo‘yicha ijobiy baholangan, yoki bitta o‘quv fanidan qoniqarsiz baholangan (ushbu fan bo‘yicha yakuniy attestatsiyadan o‘tish sharti bilan) bitiruvchilar maktab pedagogik kengashi qaroriga asosan yakuniy attestatsiyaga qo‘yiladilar.
  • Bitiruvchi sinflarda yakuniy attestatsiya o‘tkaziladigan fanlar ro‘yxati, shakli va muddatlari har o‘quv yilida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
  • Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalarida pedagogik kengashning qarori bilan tegishli fandan qo‘shimcha yakuniy attestatsiya kiritilishi mumkin.

Yakuniy attestatsiyani tashkil etish tartibi

Maktab bitiruvchilarining yakuniy attestatsiyasini shu maktab pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlangan yakuniy attestatsiya komissiyasi muvofiqlashtiradi.

Yakuniy attestatsiya o‘tkaziladigan har bir fandan maktab direktorining buyrug‘i bilan yakuniy davlat attestatsiya komissiyasi quyidagi tarkibda tayinlanadi:

  • o‘quv fani bo‘yicha yakuniy attestatsiya komissiyasi raisi — maktab direktori, uning o‘rinbosari yoki maktab o‘qituvchisi;
  • sinfda mazkur fandan dars bergan o‘qituvchi;
  • tegishli fan yoki unga yaqin bo‘lgan fan o‘qituvchisidan bitta assistent.

Tegishli fan bo‘yicha yakuniy attestatsiyani tashkil etish va uni o‘tkazish bo‘yicha javobgarlik mazkur fan bo‘yicha tuzilgan yakuniy attestatsiya komissiyasi raisi zimmasiga yuklatiladi.

Yakuniy attestatsiya o‘tkaziladigan fandan dars bergan o‘qituvchi shu sinfga yakuniy attestatsiya komissiyasining raisi bo‘lishi mumkin emas.

Yakuniy attestatsiyani o‘tkazish tartibi

Yakuniy attestatsiya maktab direktori tomonidan tasdiqlangan jadval asosida o‘tkaziladi.

Yakuniy attestatsiya jadvalini tuzishda quyidagilarga e’tibor beriladi:

  • o‘quv fanlari bo‘yicha o‘tkaziladigan yakuniy attestatsiya oralig‘i ikki kundan kam bo‘lmasligi kerak;
  • jismoniy tarbiya fanidan avval amaliy, keyin nazariy yakuniy attestatsiya o‘tkaziladi.

Barcha maktablarda yakuniy attestatsiya ertalab soat 8:00 dan boshlanadi.

Og‘zaki yakuniy attestatsiyadan o‘tishda bitiruvchilarning soni 20 nafardan ortiq bo‘lsa, yakuniy attestatsiya ikki guruhda ketma-ket bir kunda o‘tkazilishi mumkin.

Bitiruvchilarga ona tilidan bayon yozish uchun 3 astronomik soat (insho yozish uchun 4 astronomik soat), matematikadan yozma ish uchun 3 astronomik soat, test-sinov topshiriqlari berilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ularni bajarishga ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha har bir test savoli uchun 2 daqiqa, aniq fanlar bo‘yicha har bir test savoli uchun 3 daqiqa vaqt ajratiladi.

Bitiruvchilarga og‘zaki yakuniy attestatsiyada olgan topshiriqlari bo‘yicha tayyorlanish uchun 15—20 daqiqa vaqt beriladi.

Attestatsiyada belgilangan tartibni buzish oqibatlari
  • Bitiruvchi og‘zaki yoki yozma yakuniy attestatsiyani topshirish jarayonida belgilangan tartibni buzgan taqdirda, u yakuniy attestatsiyani davom ettirish huquqidan mahrum qilinadi.
  • Bitiruvchi yakuniy attestatsiyani davom ettirish huquqidan mahrum qilinganda yakuniy attestatsiya komissiyasi tomonidan bu haqda yakuniy attestatsiya bayonnomasiga yozib qo‘yiladi.
  • Maktab pedagogik kengashining qarori asosida unga yakuniy attestatsiya tugagan kundan keyin 2 hafta o‘tgach mazkur fandan qayta yakuniy attestatsiyadan o‘tishga ruxsat berilishi mumkin.

Baholash
  • Har bir fan bo‘yicha og‘zaki yoki yozma yakuniy attestatsiya o‘tkazilgach, yakuniy attestatsiya komissiyasi barcha bitiruvchilarga yillik va yakuniy attestatsiya baholari asosida yakuniy baholarni qo‘yadilar. Bunda, bitiruvchining yillik va yakuniy attestatsiya bahosining o‘rtachasi olinib yaxlitlanadi
  • Bitiruvchiga yakuniy bahoni qo‘yishda uning avvalgi sinflarda olgan baholari ham inobatga olinadi.

Attestatsiyasidan ozod etish
  • xalqaro va respublika miqyosida o‘tkaziladigan fan olimpiadalarida, sport musobaqalarida, turli ko‘rik-tanlovlarida bitiruvchilarning ishtiroki bevosita yakuniy attestatsiya davriga to‘g‘ri kelsa. Bunda bitiruvchi shu kunlardagi yakuniy attestatsiyadan ozod etiladi.
  • yakuniy davlat attestatsiyasidan ozod qilishi mumkin bo‘lgan kasalliklarga asosan.

Muddatdan oldin attestatsiyadan o‘tkazish
  • Bitiruvchilarning yashash joyi o‘zgarishi (xorijga chiqish) munosabati bilan shu holatni tasdiqlovchi rasmiy hujjatlari bo‘lsa, (bu holat mart-aprelь-may oylarida yuzaga kelsa) bunday bitiruvchilarga yakuniy attestatsiyadan muddatidan ilgari o‘tishlariga xalq ta’limi boshqarmalari buyrug‘i bilan ruxsat beriladi.
  • Bunday hollarda yakuniy attestatsiya va sinovlar maktab direktori tuzgan muvaqqat yakuniy attestatsiya komissiyasi tomonidan va u tasdiqlagan jadval asosida o‘tkaziladi.

Chat