Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 4001 marta o'qildi

18 yoshga to‘lgan va muomala layoqatiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi o‘z xohish-istagiga ko‘ra ko‘rsatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish, uni tiklash yoki undan chiqish to‘g‘risidagi iltimosnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga ariza beruvchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyidagi ichki ishlar organiga, xorijda yashayotgan shaxs tomonidan esa konsullik muassasasiga shaxsan takdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqishda taqdim etiladigan hujjatlar:
  • o‘rnatilgan shakldagi iltimosnoma;
  • o‘rnatilgan shakldagi so‘rovnoma;
  • pasport (ID karta) nusxasi;
  • nikoh tuzilganligi yoki nikoh bekor qilinganligi to‘g‘risidagi guvohnoma (mavjud bo‘lsa);
  • arizada bola ko‘rsatilgan taqdirda, uning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi va (mavjud bo‘lsa) pasporti (kartasi). Bunday hollarda bolaning otasi yoki onasi O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini saqlab qolayotgan bo‘lsa, uning notarial tartibda tasdiqlangan roziligi talab etiladi;
  • 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolaning O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqish to‘g‘risidagi yozma roziligi;
  • davlat boji (konsullik yig‘imi) to‘langanligi to‘g‘risidagi hujjat.

Agar ariza beruvchining O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan eri (xotini), ota-onasi, shuningdek, uning qaramog‘idagi shaxslar O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashasa, ariza beruvchi ushbu shaxslarning ariza beruvchiga nisbatan mulkiy e’tirozlari mavjud emasligi haqidagi notarial tartibda tasdiqlangan arizalarini taqdim etishi shart.

Agar tegishli holatlar mavjud bo‘lsa, ota-onaning, turmush o‘rtog‘ining roziligi o‘rniga ariza beruvchidan yoki tegishli organdan:

  • vafot etganligi haqida guvohnoma, agar ko‘rsatilgan shaxslar vafot etgan bo‘lsa;
  • ko‘rsatilgan shaxslarni ota-onalik huquqlaridan mahrum qilinganligi, muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganligi yoxud fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilinganligi haqidagi qonuniy kuchga kirgan sud qarori;
  • yolg‘iz ota yoki ona ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar vakolatli organ tomonidan so‘rab olinadi.

Iltimosnomani qabul qilgan mas’ul xodim 3 ish kuni ichida ilova qilingan hujjatlar to‘liqligini va to‘g‘ri rasmiylashtirilganligini o‘rganib chiqadi va so‘rovnomaga o‘zining lavozimini ko‘rsatgan holda imzo qo‘yadi.

Chat