Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 62255 marta o'qildi

1-savol. Bola 1-sinfga necha yoshda qabul qilinadi?

Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining 1-sinfiga bola 7 yoshga to‘ladigan kalendarь yilida qabul qilinadi.

Masalan, 2026/2027 o‘quv yili uchun 2019-yil 31 dekabrga qadar tug‘ilgan bolalar 2026-yil davomida 7 yoshga to‘ladi va yosh talabi bo‘yicha 1-sinfga qabul qilinishi mumkin.

Eslatma: eski materialdagi «6–7 yosh» qoidasi endi amal qilmaydi. Amalda bola 7 yoshga to‘ladigan yilda 1-sinfga qabul qilinadi.

2-savol. 1-kurs talabasi akademik ta’til olishi mumkinmi?

Ha. Akademik ta’til talabaning qaysi kursda o‘qiyotganiga qarab cheklanmagan.

U o‘quv yilining istalgan qismida:

— harbiy xizmat;

— salomatlikni tiklash;

— homiladorlik va tug‘ish;

— bolani parvarish qilish;

— betob oila a’zosini parvarish qilish uchun berilishi mumkin.

Akademik ta’til OTMdan chetlashtirish hisoblanmaydi, biroq ta’til davrida stipendiya to‘lanmaydi.

3-savol. Xorijiy fuqaro O‘zbekiston OTMiga qanday qabul qilinadi?

Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus yoki kasbiy ta’limga yoxud unga tenglashtirilgan ma’lumotga ega xorijiy fuqaro OTM tomonidan o‘tkaziladigan suhbat natijasiga ko‘ra to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.

Xorijiy fuqarolarni bir o‘quv yilida, qoida tariqasida, ikki marta qabul qilish mumkin.

4-savol. Kunduzgi talaba rasmiy ishlashi mumkinmi?

Ha.

Kunduzgi ta’limda o‘qiyotgan talaba o‘quv mashg‘ulotlaridan bo‘sh vaqtida, o‘qish jarayoniga zarar etkazmagan holda va mehnat qonunchiligi talablariga rioya qilib:

— o‘z OTMida;

— yoki boshqa korxona va tashkilotda mehnat shartnomasi asosida ishlashi mumkin.

5-savol. Davlat grantida o‘qigan bitiruvchi 3 yil ishlashi shartmi?

Oddiy ta’lim granti asosida o‘qigan talabalar uchun o‘qishni bitirgandan keyin kamida 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilingan.

Biroq maqsadli qabul, ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant yoki maxsus OTMlarga oid alohida normativ hujjatlarda xizmat yoki ishlab berish majburiyati belgilanishi mumkin.

Shu sabab har bir maxsus grant yoki dasturning shartlari alohida tekshiriladi.

Chat