Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 27568 marta o'qildi

1. Mehnat daftarchasini ochish ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladimi yoki xodim tomonidanmi?

Javob: Mehnat kodeksining 81-moddasiga asosan ish beruvchi korxonada besh kundan ortiq ishlagan barcha xodimlarga mehnat daftarchasini tutishi shart.

2. Shaxs o‘zining 30 yoshga to‘lgan farzandi o‘qishi uchun ish haqini yo‘naltirsa uning ish haqidan daromad solig‘i ushlanadimi?

Javob: Soliq kodeksining 378-moddasi 16-bandiga  muvofiq, soliq to‘lovchining quyidagilarga yo‘naltiriladigan, soliq solinishi lozim bo‘lgan ish haqi va boshqa daromadlari:

O‘zbekiston Respublikasining oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish (o‘zining, yigirma olti yoshga to‘lmagan farzandlarining yoki erining (xotinining) ta’lim olishi) uchun to‘lovlardan daromad solig‘i ushlanmaydi. Bu holatda farzand 30 yoshga to‘lganligi uchun daromad solig‘i ushlanadi.

3. Xususiy firmada ishlaydiganlar ham mehnat ta’tiliga chiqsa bo‘ladimi?  Agar xodimning mehnat shartnomasida ta’til berilmasligi yozilgan bo‘lsachi?

Javob: Ha, albatta eng kamida 15 kun mehnat ta’tiliga chiqishi kerak. Mehnat kodeksining 5-moddasiga ko‘ra, mehnat haqidagi kelishuvlar va shartnomalarning xodimlar ahvolini mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilganiga qaraganda yomonlashtiradigan shartlari haqiqiy emas, deb topiladi. Demak, mehnat shartnomasining o‘sha bandi ham haqiqiy emas.

4. O‘zbekistonda yoshga doir pensiyaga chiqish yoshi erkaklar va ayollar uchun necha yosh qilib belgilangan?

Javob: O‘zbekiston Respublikasining "Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonuni 7-moddasiga asosan, yoshga doir pensiya olish huquqiga:

erkaklar — 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda;

ayollar — 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladilar.

5. Ikki yoshgacha bola puli qaerdan beriladi?

Javob: Agar ishlasa ish joyidan, agar ishlamasa va kam ta’minlangan oila toifasiga kirsa fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organiga murojaat qilish orqali olish mumkin.

6. Etmish yoshdan oshgan keksa yoshdagi shaxsga qarab turganlik uchun ham ish staji yoziladimi?

Javob: Mazkur xolatda ish staji yozilmaydi, chunki O‘zbekiston Respublikasining "Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunining 37-moddasiga ko‘ra, I guruh nogironligi bo‘lgan shaxs yoki 16 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolaga, shuningdek o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan (davolash muassasasining xulosasiga ko‘ra) 80 yoshga to‘lgan qariyalarga qarab turilgan vaqt ish stajiga qo‘shib hisoblanishi belgilangan.

7. Ikkinchi jahon urushi  qatnashchisi bo‘lgan shaxsdan er solig‘i ushlanadimi?

Javob: Soliq kodeksining 436-moddasi 2-bandiga asosan, urush nogironlari va qatnashchilari, er solig‘idan ozod qilingan.

8. Ishga kirishda dastlabki sinov muddati kimlarga tatbiq etilmaydi?

Javob: Mehnat kodeksining 84-moddasiga muvofiq, homilador ayollar, uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar, korxona uchun belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga yuborilgan shaxslar, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining hamda oliy o‘quv yurtlarining tegishli ta’lim muassasasini tamomlagan kundan e’tiboran 3 yil ichida birinchi bor ishga kirayotgan bitiruvchilari ishga qabul qilinganda, shuningdek xodimlar bilan olti oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilib, ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydi.

9. Ayol bolani parvarishlash ta’tili davrida ishlashi mumkinmi?

Javob: Ayollarga tuqqunga qadar 70 kalendarь kun va tuqqanidan keyin 56 kalendarь kun muddati bilan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi.

Shuningdek, ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi 2 yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta’til beriladi. Bu davrda ish joyi saqlanadi.

Ayol o‘z xohishiga ko‘ra, bolani parvarishlash ta’tili davrida to‘liq bo‘lmagan ish vaqti rejimida yoki ish beruvchi bilan kelishib, uyda ishlashi mumkin.

10. Qaysi ish vaqti tungi ish vaqti deb hisoblanadi?

Javob: Mehnat kodeksining 122-moddasiga muvofiq, soat 22-00 dan 6-00 gacha bo‘lgan vaqt tungi ish vaqti hisoblanadi.

11. Ish beruvchi  xodimni  ishda soat 21:00 gacha ushlab qolib, keyingi kuni esa soat 8:00 da ishda bo‘lishimni talab qilishi mumkinmi?

Javob: Yo‘q, mumkin emas. Mehnat kodeksining 128-moddasiga muvofiq, ishning tugashi bilan keyingi kuni (smenada) ish boshlanishi o‘rtasidagi kundalik dam olish vaqtining muddati o‘n ikki soatdan kam bo‘lishi mumkin emas.

12. Maktabda farrosh bo‘lib ishlovchi xodimni oylik ish haqi 450.000 so‘m bo‘lishi mumkinmi?

Javob: Yo‘q mumkin emas. Mehnat kodeksining 153-moddasiga asosan, mehnat haqi qonun hujjatlari bilan belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan oz bo‘lishi mumkin emas va uning eng ko‘p miqdori biron bir tarzda cheklanmaydi. Hozirgi kunda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 679,330 so‘mni tashkil etadi.

13. O‘zbekistonda harbiy xizmatga necha yoshgacha qabul qilinadi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasining "Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida"gi qonunining 4-moddasiga muvofiq, tinchlik davrida oddiy askarlar va serjantlar tarkibi lavozimlarida muddatli harbiy xizmatga, shuningdek safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan, salomatligiga ko‘ra Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli erkak fuqarolar chaqiriladilar.

Chat