Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 16499 marta o'qildi

  • Ish stajiga qo‘shib hisoblanadigan davrlar

Ish bilan bog‘liq bo‘lmagan quyidagi davrlar ish stajiga qo‘shib hisoblanadi

Quyidagilar ish stajiga qo‘shib hisoblanadi:

  • a) 2019-yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — faoliyat turi, mulk va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, xodim davlat tomonidan ijtimoiy sug‘urtalangan holda bajargan har qanday ish, agar u O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lagan bo‘lsa;
  1. 2019-yil 1 yanvardan keyingi davr uchun — xodim tomonidan bajarilgan har qanday ish, basharti mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar hisoblangan bo‘lsa, shuningdek jismoniy shaxsning 2021-yil 1-iyundan keyingi ishlamagan davri uchun uning eri (xotini) mehnatga haq to‘lash tarzidagi o‘z daromadlaridan ixtiyoriy asosda ijtimoiy soliq to‘lagan davr;
  2. 1965-yildan keyingi davr uchun jamoa xo‘jaligidagi ish stajini hisoblab chiqarishda, agar jamoa xo‘jaligi a’zosi uzrsiz sabablarga ko‘ra jamoa xo‘jaligida belgilangan mehnatda ishtirok etish minimumini bajarmagan bo‘lsa, ishlangan vaqtning amalda davom etgan davri hisobga olinadi.
  3. Ijodiy faoliyat bilan mashg‘ul xodimlarning ish stajini, basharti ular O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lagan bo‘lsalar, ijodiy uyushmalarning boshqaruvlari ana shu muallifning asari e’lon qilingan yoki birinchi marta jamoat oldida ijro yoki namoyish etilgan kundan e’tiboran belgilaydilar;
  • b) harbiy xizmat va partizan otryadlari hamda qo‘shilmalarida bo‘lish, davlat xavfsizligi organlarida, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida va ichki ishlar organlarida xizmat qilish;
  • v) idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar, harbiylashtirilgan soqchilikdagi, maxsus aloqa organlari va tog‘-kon-qutqaruv qismlaridagi xizmat;
  • g) yakka tartibdagi mehnat va oilaviy tadbirkorlik faoliyati, shu jumladan shaxsiy yordamchi xo‘jalikdagi va yuridik shaxs tashkil etilmagan holdagi dehqon xo‘jaligidagi faoliyat:
  1. 2019-yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘langan taqdirda;
  2. 2019-yil 1 yanvardan 2019-yil 31 dekabrga qadar bo‘lgan davr uchun — yagona ijtimoiy to‘lov to‘langan taqdirda;
  3. 2020-yil 1 yanvardan — ijtimoiy soliq to‘langan taqdirda.
  • d) I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsga yoki 18 yoshgacha bo‘lgan, nogironligi bor bolaga, shuningdek (davolash muassasasining xulosasiga ko‘ra) o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan qariyalarga qarab turilgan vaqt;
  • e) oliy ta’lim muassasalarida, aspiranturada, stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar institutida, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida, tayanch doktoranturada, doktoranturada va klinik ordinaturada kunduzgi o‘qish, shu jumladan chet elda o‘qish;
  • j) bola 3 yoshga to‘lguncha bolani parvarishlash ta’tillarida bo‘lish vaqti, lekin hammasini jamlaganda ko‘pi bilan 6 yil;
  • z) ofitserlar tarkibidan bo‘lgan shaxslarning, praporshchiklarning, michmanlarning va muddatdan tashqari xizmat harbiy xizmatchilarining xotinlari, ularni ishga joylashtirish imkoniyati bo‘lmagan joylarda erlari bilan yashagan vaqt, lekin 10 yildan oshmagan davr;
  • i) O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslarning xotini (eri) chet elda bo‘lgan, lekin 10 yildan oshmagan davr.
  1. «d» — «i» bandlarida nazarda tutilgan davrlar ushbu moddaning «a» — «g» bandlarida ko‘rsatib o‘tilgan umumiy ish staji kamida 7 yil bo‘lgan taqdirda ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.
  2. Nogiron bo‘lib qolgan shaxslar stajiga «d» — «i» bandlarda nazarda tutilgan davrlar ushbu moddaning «a» — «g» bandlarida ko‘rsatib o‘tilgan staj muddatidan qat’i nazar qo‘shiladi.
  • Mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligi oqibatida I va II guruh nogironligida bo‘lingan vaqt yoshga doir yoki boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlanayotganida stajga qo‘shib hisoblanadi.

Yoshga doir pensiya tayinlanganidan keyingi ishlangan vaqt pensiyani hisoblab chiqarish uchun stajga qo‘shib hisoblanmaydi.

Ish stajini imtiyozli hisoblash

Pensiya tayinlashda umumiy ish stajiga imtiyozli hisoblanib qo‘shiladigan davrlar:

  • a) harakatdagi armiya tarkibiga kiruvchi harbiy qismlar, shtablar va muassasalardagi, jangovar harakatlar davrida partizan otryadlari va qo‘shilmalaridagi xizmat va erkin yollanganlar tarkibidagi ish, baynalmilal burchni bajarishda jangovar harakatlarda ishtirok etish - uch hissa barobarida;
  • b) 1941 - 1945-yillardagi urush davrida mamlakat ichkarisida ishlash, shu jumladan harbiy qismlardagi erkin yollanganlar tarkibidagi ish va harbiy xizmat - ikki hissa barobarida;
  • v) imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan - erkaklarda 10 yildan ortiq va ayollarda 7 yilu 6 oydan ortiq ishlangan har bir to‘liq yil - ikki hissa barobarida;
  • g) moxovxonalarda, vaboga qarshi muassasalarda, immunodefitsit virusi bilan kasallangan shaxslar davolanadigan yuqumli kasalliklar muassasalarida ishlash - ikki hissa barobarida;
  • d) patologoanatomiya muassasalari va sud-tibbiy ekspertiza muassasalarining tibbiy xodimlaridan ayrim toifalarining ishi - bir yarim hissa barobarida;
  • e) asossiz ravishda jinoiy javobgarlikka tortilgan, asossiz ravishda qatag‘on qilingan va keyinchalik oqlangan fuqarolarning qamoqda bo‘lish va hibsda saqlash joylarida turgan vaqti - bir yarim hissa barobarida.

  • Mavsumiy ishlarda band bo‘lgan xodimlarning ish staji     
  • Sanoatning mavsumiy tarmoqlariga oid korxonalar va tashkilotlarda band bo‘lgan xodimlarning to‘liq mavsum mobaynidagi ishi bir yil ishlagan deb, to‘liq mavsum davomida ishlamagan bo‘lsa, haqiqiy ishlagan davri hisobga olinadi.

To‘liq bir mavsum ishlash pensiya tayinlash uchun bir yil mehnat stajiga o‘tadigan mavsumiy ishlar va sanoatning mavsumiy tarmoqlari ro‘yxati

Paxta tozalash sanoati korxonalaridagi ishlar:

  • a) paxtani quritish;
  • b) paxtani tozalash;
  • v) paxtani yuklash, tushirish;
  • g) paxtani pnevmotransportga ortish;
  • d) quritish-tozalash tsexini yig‘ishtirish va isitish, ishlab chiqarish chiqindilarini chiqarib tashlash.

Sanoatning qand-shakar va konserva ishlab chiqarish tarmoqlari korxonalaridagi ishlar.

Ipakchilik tarmog‘i korxonalari va fermer xo‘jaliklaridagi ishlar:

  • a) tut urug‘i tayyorlash;
  • b) tut nihollari va tut ko‘chatlari etishtirish;
  • v) tut ipak qurti urug‘larini inkubatoriyalarda jonlantirish;
  • g) tut ipak qurti parvarishlash;
  • d) tirik va quriq pillani saralash;
  • e) tirik pillani quritish;
  • j) pillani qo‘l kuchi yordamida tashish;
  • z) pilladan namunalar olish (laboratoriyada saralash uchun);
  • i) urug‘chilik korxonalarida kapalaklarni jinslarga ajratish;
  • k) tut ipak qurti urug‘larini mikrotahlildan o‘tkazish;
  • l) tut ipak qurti urug‘lariga ishlov berish;
  • m) tut ipak qurti urug‘larini qishlash davridagi ishlar;
  • n) tut ipak qurti urug‘larini qadoqlash va yorliqlash.

  • Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga murojaat qilish uchun quyidagi havolaga o‘ting yoki "1140" ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qiling.

Hayotiy misol

Savol: D. ismli ayol 30 yillik mehnat stajiga egaligi, ish stajining 8 yili mobaynida jami 3 nafar bolani parvarishlash ta’tillarida bo‘lganligi, pensiya tayinlash uchun jami 30 yillik ish staji hisobga olinishi yoki olinmasligi yuzasidan tushuntirish berishni so‘radi. 

Javob: Bola 3 yoshga to‘lguncha bolani parvarishlash ta’tillarida bo‘lish vaqti, lekin hammasini jamlaganda ko‘pi bilan 3 yil ish stajiga qo‘shib hisoblanadi. Shu sababli, agar 30 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan ishlayotgan ayol ish stajining 8 yili mobaynida jami 3 bolani parvarishlash ta’tillarida bo‘lgan bo‘lsa, u holda pensiya tayinlash uchun ish stajini hisoblashda unga jami 25 yil ish staji hisoblanadi (30 yil – 8 yil + 3 yil = 25 yil). 

Chat