Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 29349 marta o'qildi


Bank siri bank tomonidan muhofaza qilinadigan quyidagi ma’lumotlardan iboratdir
  • o‘z mijozlarining (vakillarining) operatsiyalari, hisobvaraqlari va omonatlariga doir ma’lumotlar;
  • bank o‘z mijoziga (vakiliga) bank xizmatlari ko‘rsatishi munosabati bilan mazkur mijoz (vakil) to‘g‘risida olgan ma’lumotlar;
  • mijozning (vakilning) bank seyflari va binolarida saqlab turilgan mol-mulki, uning xususiyati va qiymati haqidagi ma’lumotlar;
  • mijoz (vakil) topshirig‘iga binoan yoki uning foydasini ko‘zlab amalga oshirilgan banklararo operatsiyalar va bitimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarning banklar o‘rtasida muomalada bo‘lishi natijasida ma’lum bo‘lib qolgan, boshqa bankning mijoziga (vakiliga) doir ma’lumotlar;
  • jamg‘arib boriladigan pensiya tizimining ishtirokchilari, pensiya badallarining miqdori va summalarining harakati, fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi pensiya jamg‘armalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

Uchinchi shaxslar - bank, uning mijozi (vakili) va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidan tashqari boshqa barcha shaxslar uchinchi shaxslar hisoblanadi.

Bank sirining muhofaza qilinishi
  • Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarning muhofaza qilinishi bank tomonidan kafolatlanadi.
  • Bankning rahbarlari va boshqa xodimlari xizmat vazifasini bajarishi munosabati bilan o‘ziga ishonib topshirilgan yoki ma’lum bo‘lib qolgan bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni oshkor qilishi, shuningdek mazkur ma’lumotlardan shaxsiy maqsadda yoki uchinchi shaxslarning manfaatlari yo‘lida foydalanishi, uchinchi shaxslarga bunday foydalanish imkoniyatini bevosita yoki bilvosita, shu jumladan ana shunday ma’lumotlarni saqlash tartibini buzish oqibatida yaratib berishi taqiqlanadi.
  • Bankning rahbari yoki boshqa xodimi bankda ishlash davrida o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan, bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni uning bank bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingandan keyin ham oshkor qilishga haqli emas.
  • Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarning tegishli ravishda saqlanishi uchun bank zarur tashkiliy va texnikaviy, shu jumladan axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishi shart.
  • Agar bank bilan mijoz (vakil) o‘rtasida nizo kelib chiqqan bo‘lsa, bank o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun sudga mijozning (vakilning) bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni zarur hollarda va doirada ma’lum qilishi mumkin.

Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni prokuratura, tergov va surishtiruv organlariga taqdim etish
  • Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar prokuratura, tergov va surishtiruv organlariga mazkur bank mijoziga (vakiliga) nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi mavjud bo‘lgan taqdirda, etkazilgan zarar undirib olinishini yoki uning mol-mulki xatlanishini ta’minlash maqsadida tergovchi yoxud surishtiruvchining asoslantirilgan qaroriga binoan prokuror sanktsiyasi bilan taqdim etiladi.

Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni sudga va davlat ijrosiga taqdim etish
  • Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar sudga uning yozma so‘rovi asosida, mazkur bank mijoziga (vakiliga) nisbatan sudning ish yurituvidagi ishlar bo‘yicha taqdim etiladi.
  • Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar davlat ijrochisiga uning yozma so‘rovi, shu jumladan elektron hujjat tarzidagi so‘rovi asosida, mazkur bank mijoziga (vakiliga) nisbatan qo‘zg‘atilgan ijro ishi bo‘yicha taqdim etiladi.

Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni davlat soliq xizmati organlariga taqdim etish
  • Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar davlat soliq xizmati organlariga bank mijoziga (vakiliga) soliq solish masalalariga taalluqli hollarda qonun hujjatlariga muvofiq taqdim etiladi.


►Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni mijozning (vakilning) merosxo‘rlari yoki huquqiy vorislariga taqdim etish:

  • Mijoz (vakil) to‘g‘risidagi, bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar uning merosxo‘rlari yoki huquqiy vorislariga, agar ularning o‘zi yoki ular vakolat bergan vakillar qonun hujjatlariga muvofiq meros huquqini yoki huquqiy vorislikni tasdiqlovchi barcha zarur hujjatlarni taqdim etsalar, bank tomonidan taqdim etiladi.
  • Meros huquqini yoki huquqiy vorislikni tasdiqlamaydigan hujjatlar olingan taqdirda, bank murojaat qilgan shaxsni u so‘ragan ma’lumotlarni taqdim etish imkoniyati yo‘qligi xususida uch ish kuni ichida yozma ravishda xabardor qilishi shart, shuningdek qo‘shimcha hujjatlar taqdim etishni talab qilishga yoki murojaat etgan shaxsning meros huquqini yoxud huquqiy vorisligini tasdiqlab berish to‘g‘risidagi yozma so‘rovni tegishli notariusga yoki yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organga yuborishga haqli. Meros huquqini yoki huquqiy vorislikni tasdiqlovchi barcha zarur hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, bank murojaat etgan shaxsga besh ish kuni ichida tegishli mijoz (vakil) to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlarni berishi va barcha hujjatlarni taqdim etishi shart.

Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni taqdim etish chegarasi
  • Bank Qonunga muvofiq faqat o‘z mijoziga (vakiliga) doir, bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni taqdim etadi, bunda mijozning (vakilning) bankda saqlanayotgan hujjatlarida boshqa shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, bunday ma’lumotlar ham mijozga (vakilga) doir ma’lumotlar deb hisoblanadi.

Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar taqdim etishni rad qilish
  • Agar bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni taqdim etish to‘g‘risidagi talab Qonunning qoidalariga muvofiq bo‘lmasa, bank bunday ma’lumotlar taqdim etishni rad qilishi shart.
  • Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni taqdim etishni rad qilganlik ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
  • Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuningdek ularning mansabdor shaxslari bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni so‘rash va olishga haqli emas, Qonunda ko‘rsatilgan hollar bundan mustasno.

Chat