Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 58112 marta o'qildi

Ishdagi kamchiliklar uchun xodim jazolanishi mumkin.

Xodimga mehnat intizomini buzganligi uchun ish beruvchi quyidagi intizomiy jazo choralarini qo‘llashga haqli:
  • hayfsan;
  • o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima. Agarda ichki mehnat tartibi qoidalarida nazarda tutilgan bo‘lsa, o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizigacha jarima;
  • mehnat shartnomasini bekor qilish.

Boshqa intizomiy jazo choralarini qo‘llash taqiqlanadi.

Intizomiy jazo qo‘llash tartibi

Intizomiy jazolar xodimni ishga qabul qilish huquqi berilgan shaxslar (organlar) tomonidan qo‘llaniladi.

Intizomiy jazo qo‘llanilishidan avval xodimdan yozma ravishda tushuntirish xati talab qilinishi lozim. Tushuntirish xati berishdan bosh tortish jazo qo‘llashga to‘siq bo‘lmaydi.

Har bir nojo‘ya xatti-harakat uchun faqat bitta intizomiy jazo qo‘llanishi mumkin.

Intizomiy jazo bevosita nojo‘ya xatti-harakat aniqlangandan keyin uzog‘i bilan 1 oy ichida qo‘llaniladi (bu muddatga xodimning kasal yoki ta’tilda bo‘lgan vaqti hisobga olinmaydi).

Nojo‘ya xatti-harakat sodir etilgan kundan boshlab 6 oy o‘tganidan, moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish etish yoki tekshirish natijasida aniqlanganda esa, sodir etilgan kundan boshlab 2 yil o‘tganidan keyin jazoni qo‘llab bo‘lmaydi (jinoiy ish bo‘yicha ish yuritilgan davr bu muddatga kirmaydi).

Intizomiy jazo berilgani to‘g‘risidagi buyruq (farmoyish) yoki qaror xodimga ma’lum qilinib, tilxat olinadi.

Intizomiy jazoning amal qilish muddati

Intizomiy jazoning amal qilish muddati jazo qo‘llanilgan kundan boshlab 1 yildan oshmasligi lozim.

Ish beruvchi o‘z tashabbusi bilan, xodimning yoki boshqa shaxslarning iltimosiga binoan jazoni 1 yil o‘tmasdan oldin ham olib tashlashga haqli.

Intizomiy jazo amal qilib turgan muddat mobaynida xodimga nisbatan rag‘batlantirish choralari qo‘llanilmaydi.

Xodim jazolanganligi bo‘yicha tegishli organlarga shikoyat qilishga haqli.

Chat