Vaziyat: Fuqaro statsionarda davolanmoqda va undan ovqatlanish uchun to‘lov so‘raldi. U II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida ovqatlanish uchun pul to‘lashi kerakmi?
Javob: Yo‘q. I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar statsionarda ovqatlanish uchun to‘lovdan ozod qilingan imtiyozli toifalarga kiradi.
Shuningdek, qonunchilikda bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga qarab turuvchi ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchilar, urush qatnashchilari, yolg‘iz pensionerlar, 18 yoshga to‘lmagan bolalar, 1 yoshgacha bolasi bo‘lgan emizikli onalar va boshqa belgilangan toifalar uchun ham bunday imtiyoz nazarda tutilgan.
Ayrim kasalliklarda, jumladan onkologik, sil, yuqumli, endokrin va boshqa belgilangan kasalliklarda ham statsionar ovqatlanishi davlat hisobidan ta’minlanadi.
Ovqatlanish bo‘yicha ushbu imtiyozlar pulli tibbiyot muassasalari, pulli bo‘limlar va pulli palatalarga tatbiq etilmaydi.
Vaziyat: Imtiyozli toifaga kiruvchi fuqaroga rejali statsionar davolanish kerak. U xohlagan shifoxonaga bevosita borib, bepul davolanishi mumkinmi?
Javob: Yo‘q. Rejali tibbiy yordam davlat hisobidan ko‘rsatilishi uchun belgilangan elektron yo‘llanma tartibiga rioya qilish kerak.
Fuqaro tibbiyot muassasasiga murojaat qiladi. Tibbiy ko‘rsatmalar va imtiyozli tartibda davolanish uchun asos mavjud bo‘lsa, elektron axborot tizimi orqali tegishli yo‘llanma rasmiylashtiriladi.
Bemor unga belgilangan tibbiy yordam darajasi doirasida Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan tibbiyot tashkilotini tanlashi mumkin.
Rejali yordam uchun tegishli elektron yo‘llanmasiz tibbiyot tashkilotiga bevosita murojaat qilinsa, xizmat pulli asosda ko‘rsatilishi mumkin. Shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan yordam bundan mustasno.
Vaziyat: Xodim ish kunida qon topshirdi. Shu kuni ishga qaytishi shartmi?
Javob: Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirgan donor tibbiy ko‘rikdan o‘tish va qon topshirish kuni ishdan ozod qilinadi va uning o‘rtacha ish haqi saqlanadi.
Donorga qon topshirgan kundan keyin yana bir kun qo‘shimcha dam olish kuni beriladi va bu kun uchun ham o‘rtacha ish haqi saqlanadi. Donor xohishiga ko‘ra ushbu dam olish kuni yillik mehnat ta’tiliga qo‘shilishi mumkin.
Muntazam ravishda bepul qon topshirib, «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga qonunchilikda belgilangan qo‘shimcha imtiyozlar ham beriladi.
Vaziyat: Bemorga buyrak transplantatsiyasi kerak. Uning amakivachchasi yoki tog‘avachchasi tirik donor bo‘lishni xohlayapti. Qarindoshlik darajasi bunga to‘sqinlik qiladimi?
Javob: Amaldagi qonunda tirik donor bo‘lish huquqi qarindoshlikning muayyan 1–4-darajasi bilan cheklanmagan. Muhimi — donor qonunchilikda belgilangan tibbiy va huquqiy talablarga javob berishi lozim.
Tirik donordan a’zo yoki to‘qima olish faqat retsipient salomatligi manfaatida, tegishli tibbiy shartlar mavjud bo‘lganda va donor uchun yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan xavf tug‘dirmagan holda amalga oshiriladi.
Tirik donorning roziligi ixtiyoriy, beg‘araz va notarial tasdiqlangan yozma shaklda bo‘lishi kerak. Donor rejalashtirilgan operatsiyadan kamida 30 kun oldin ehtimoliy asoratlar haqida yozma ravishda va video qayd orqali xabardor qilinishi shart.
Vaziyat: Qandli diabet bilan dispanser nazoratida turgan bemor dori vositalarini har safar o‘z hisobidan sotib olishi kerakmi?
Javob: Yo‘q. Qandli diabet va qandsiz diabet imtiyozli asosda dori vositalari bilan ta’minlanadigan endokrin kasalliklar qatoriga kiradi.
Tasdiqlangan ro‘yxat doirasida qandli diabet uchun turli ta’sir davomiyligidagi inson insulini va uning analoglari, shuningdek ayrim qand miqdorini pasaytiruvchi preparatlar bepul berilishi mumkin.
Dori davolovchi shifokor tomonidan tibbiy ko‘rsatma asosida tayinlanadi; endokrin kasalliklarda tegishli preparatni tayinlashda endokrinolog tavsiyasi talab qilinishi mumkin.