Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 15337 marta o'qildi

 

Tijorat tashkilotlari faoliyatini harakatsiz deb topish uchun quyidagilar asos bo‘ladi: 

  • 9 oy mobaynida moliya-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha bank hisobvaraqlariga pul mablag‘lari tushmaganligi;
  • 9 oy mobaynida soliq hisobotlari taqdim etilmaganligi.

Bunday holatlarda, tijorat banklari uch ish kuni ichida u hisobga qo‘yilgan joydagi davlat soliq xizmati organiga Tizim orqali  ma’lumot taqdim etadi.

Davlat soliq xizmati organi tijorat banklaridan ma’lumot tushgach yoki hisobot topshirish muddati tugagach 3 ish kuni mobaynida quyidagi organlarni xabardor etishi kerak:

  • ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ va ro‘yxatdan o‘tgan joydagi davlat statistika organlarini;
  • O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tuman (shahar) bo‘limini;
  • ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organni;
  • avtotransport vositalari, qishloq xo‘jaligi texnikasi va ro‘yxatdan o‘tkaziladigan boshqa texnika vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlarni;
  • O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligini xabardor qiladi.

Davlat soliq xizmati organi yuridik shaxslarga nisbatan quyidagi harakatlarni amalga oshiradi
  1. tijorat tashkiloti haqiqatda moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmaganligini;
  2. mol-mulki mavjudligini;
  3. yuridik va faoliyat ko‘rsatish manzilida mavjudligini;
  4. tijorat tashkilotining barcha qarzdorliklari (2-son kartotekasi) tahlilini;
  5. soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorligi mavjudligini;
  6. muassislarining (qatnashchilarining) turar joyini aniqlash va ularni tugatish jarayoniga jalb qilish choralarini ko‘radi;
  7. moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tijorat tashkilotlari muassislariga tijorat tashkilotini ixtiyoriy tugatishni taklif etadi. 
  8. yig‘ilgan va mavjud ma’lumotlar asosida tijorat tashkilotining faoliyatini kameral soliq tekshiruvidan o‘tkazadi.

Tijorat tashkilotining soliq va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorliklari aniqlanmagan, mol-mulki mavjud bo‘lmagan, tijorat tashkiloti muassislarini (qatnashchilarini), ularning vakillari va rahbarini tugatish jarayoniga jalb etish imkoni bo‘lmaganda, davlat soliq xizmati organlari Tizim orqali ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga 10 ish kunida tijorat tashkilotini harakatsiz holatga o‘tkazish to‘g‘risida taqdimnoma yuboradi.

Tijorat tashkilotlari harakatsiz holatida saqlanishiga uch yil to‘lganda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ:

  • harakatsiz holatga o‘tkazilgan tijorat tashkilotlari faoliyati tiklanmagan taqdirda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda 3 ish kunida davlat reestridan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va bu haqda davlat reestriga tegishli yozuv kiritadi;
  • davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi hamda tovar belgisining ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani (agar mavjud bo‘lsa) bekor qiladi. Agar ularni topish imkoni mavjud bo‘lmasa, 3 ish kunida bekor qilinishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ro‘yxatga olish organi veb-saytida e’lon qilinadi;
  • tijorat banklari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligiga tijorat tashkiloti davlat reestridan chiqarilganligi to‘g‘risida Tizim orqali xabarnoma yuboradi.
Chat