Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 13775 marta o'qildi

Savol: Ch. ismli shaxs uy-joy maydonining ijtimoiy normasi qancha ekanligi va ushbu norma qaysi idora tomonidan belgilanishi to‘g‘risida huquqiy tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: Munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan turar joylar fuqarolarga uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq beriladi.

Uy-joy maydonining ijtimoiy normasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan bir kishi hisobiga 16 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan umumiy maydon hajmida, kreslo-aravachada harakatlanadigan nogironlar uchun esa – 23 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan hajmda belgilanadi.

Savol: X. ismli ayol ko‘p qavatli uyda joylashgan kvartirasini markaziy isitish tarmog‘idan uzib, o‘zining kvartirasi uchun individual isitish moslamasi o‘rnatmoqchi ekanligi haqida ma’lum qilib, buning uchun qanday hujjatlar rasmiylashtirilishi lozimligi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: Ko‘p kvartirali uylarning ayrim turar joy va noturar joy xonalarini isitishning ushbu tizimlarini issiqlik jihatidan va gidravlik qayta tartibga solmaslik uchun isitish va issiq suv ta’minotining uy ichidagi tizimidan uzish taqiqlanadi.

Savol: Sh. ismli shaxs ko‘p qavatli uyning kvartirasida yolg‘iz yashovchi keksa qo‘shnisi unga umrining oxirigacha boqib parvarishlashi, barcha zaruriy yordamlarni ko‘rsatib turishi evaziga o‘z kvartirasini unga berishini va’da qilgani haqida ma’lum qilib, ushbu holatni qanday tartibda rasmiylashtirish lozimligi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni so‘radi. 

Javob: Buning uchun Sh. ismli shaxs yolg‘iz yashovchi qo‘shnisi bilan umrbod ta’minlash sharti bilan kvartirani boshqa shaxsga berish shartnomasini yozma shaklda tuzib, uni notarial tartibda tasdiqlatishi lozim.

Umrbod ta’minlash sharti bilan kvartirani boshqa shaxsga berish shartnomasida boshqa shaxsga beruvchiga qanday moddiy ta’minot turlari berilishi, ularning pul bilan ifodalangan bir oylik bahosi va kvartiraning qiymati ko‘rsatilishi lozim. Beriladigan kvartira va moddiy ta’minot qiymati taraflar kelishuvi bilan belgilanadi.

Savol: M. ismli shaxs xizmat turar joyi bergan tashkilotda o‘n besh yil davomida ishlaganidan so‘ng, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingani, shundan so‘ng tashkilot  ma’muriyati xizmat turar joyini bo‘shatib qo‘yishni talab qilgani, uning esa boshqa turar joyi yo‘qligi, bunday holatda uning turar joy bo‘yicha qanday huquqlari borligi to‘g‘risida huquqiy tushuntirish berishni so‘radi. 

Javob: M. ismli shaxs xizmat turar joyi bergan tashkilotda o‘n yildan ko‘p ishlagani sababli, unga tashkilot tomonidan doimiy yashashga mo‘ljallangan, belgilangan sanitariya, yong‘inga qarshi, texnik talablarga javob beradigan hamda ushbu aholi punkti chegarasi doirasida bo‘lgan boshqa turar joy berilgan holda xizmat turar joyidan ko‘chirilishi lozim.

Agarda ushbu fuqaro boshqa turar joy berilmagan holda xizmat turar joyidan ko‘chirilgan taqdirda, u sudga boshqa turar joy bilan ta’minlash majburiyaini yuklash haqida da’vo ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega.

Savol: T. ismli shaxs ko‘p kvartirali uyda yashashi, qishki mavsumda isitish va issiq suv ta’minoti yaxshi emasligi, ya’ni isitish radiatorlarida va suv olish joylarida issiq suvning harorati juda pastligi haqida ma’lum qilib, uyni isitish va issiq suv bilan ta’minlashda qanday me’yorlar belgilangani to‘g‘risida huquqiy tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: Isitish mavsumi davrida 1995-yilgacha qurilgan ko‘p qavatli turar joy xonalaridagi harorati kamida 20o S, agar ko‘p qavatli uylardagi issiqlik tizimi rekonstruktsiya qilinmagan bo‘lsa – turar joy xonalaridagi harorat kamida 18o S bo‘lishi, issiq suv ta’minoti bo‘yicha – suv olish joylarida issiq suvning harorati 50 – 75o S bo‘lishi kerak.

Chat