Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 49211 marta o'qildi

Daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnoma olish

Kim murojaat qilishi mumkin?

Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesish yoki qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda ko‘chirib o‘tkazish zarurati bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar ruxsatnoma olish uchun murojaat qilishi mumkin.

Murojaat elektron tarzda «Litsenziya» axborot tizimi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.

Arizada nimalar ko‘rsatiladi?

Arizada, jumladan:

  • ariza beruvchi haqidagi ma’lumotlar;
  • kesiladigan yoki ko‘chirib o‘tkaziladigan daraxt va butalarning turi va soni;
  • ular joylashgan manzil;
  • kesish yoki ko‘chirishdan maqsad ko‘rsatiladi.

Vakolatli organ daraxtlarning holatini o‘rganib, avvalo ularni saqlab qolish yoki boshqa joyga ko‘chirish imkoniyatini baholaydi.

Arizani ko‘rib chiqish qancha turadi?

Arizani ko‘rib chiqish uchun BHMning 30 foizi miqdorida yig‘im to‘lanadi.

Ruxsatnoma berilganda esa kesiladigan daraxtning turi va tanasining diametriga qarab, pasportda belgilangan BHM koeffitsientlari bo‘yicha alohida to‘lov hisoblanadi. Shu sababli barcha daraxtlar uchun yagona ruxsatnoma narxi mavjud emas.

Ariza qancha vaqtda ko‘rib chiqiladi?

Arizani ko‘rib chiqish muddati — 5 ish kuni.

Berilgan ruxsatnoma, qoida tariqasida, u berilgan yilning 31 dekabriga qadar amal qiladi.

Qachon ruxsatnoma talab etilmaydi?

Daraxtlar va butalarning shoxlarini sanitariya maqsadida kesish yoki butashga ruxsatnoma talab etilmaydi.

Biroq qurib qolgan yoki kasallangan daraxtni tanasi yoxud tag qismidan sanitariya maqsadida butunlay kesib tashlash shoxlarni oddiy butashdan farq qiladi va belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Ruxsatnoma olgan shaxsning qo‘shimcha majburiyati bormi?

Ha. Ruxsatnoma asosida kesilgan har bir daraxt yoki buta uchun kamida 10 tup yirik o‘lchamli kompensatsiyaviy ko‘chat ekish va ularni kamida 2 yil parvarish qilish talab etiladi.

Ruxsatnoma asosida ko‘chirib o‘tkazilgan har bir daraxt va buta 3 yil davomida parvarish qilinishi kerak.

Eslatma: arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan 30 foiz BHM yig‘imi ruxsatnomaning o‘zi uchun hisoblanadigan to‘lov emas. Daraxtni kesishga ruxsat berilsa, uning turi va diametriga qarab qo‘shimcha to‘lov hisoblanishi mumkin.

Chat