Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 9106 marta o'qildi

Saylovoldi tashviqoti — saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyatdir.

Saylovoldi tashviqoti (bundan buyon matnda tashviqot deb yuritiladi) nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanadi. Saylov kuni va ovoz berishga 1 kun qolganida tashviqotga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tashviqotni saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish taqiqlanadi.

Noto‘g‘ri axborotni, shuningdek nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur etkazadigan ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanadi.

Quyidagilarning saylovoldi tashviqotini olib borishi taqiqlanadi:
  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining;
  • O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining, sudьyalarning;
  • saylov komissiyalari a’zolarining;
  • diniy tashkilotlar professional xizmatchilarining.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga o‘z mansab va xizmat mavqeidan saylovoldi tashviqoti vaqtida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishi taqiqlanadi.

Tashviqot olib borish turlari, shakllari va usullari:

Tashviqot quyidagicha tarzda olib boriladi:

  • siyosiy partiyaning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni o‘zining deputatlikka nomzodlarini yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni nomzodni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish;
  • nomzod to‘g‘risidagi axborotni uni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish.

Tashviqot omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferentsiyalari, fuqarolarning yig‘ilishlari, intervьyular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin.

Tashviqot:

  • ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘i orqali;
  • bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chiqarish hamda tarqatish orqali;
  • saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

  • Tashviqot davrida uni olib borishning taqiqlanmagan boshqa turlari, shakllari va usullaridan ham foydalanilishi mumkin.
Chat