Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ishtirok etishi ixtiyoriy va erkindir. Fuqarolarni saylovda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka majbur qilish maqsadida ularga ta’sir ko‘rsatishga, shuningdek ularning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishiga ta’sir ko‘rsatishga hech kim haqli emas.
Fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylash huquqiga saylov kuni 18 yoshga to‘lgan hamda shaharcha, qishloq, ovul, shuningdek shahardagi, shaharchadagi, qishloqdagi, ovuldagi mahalla hududida (bundan buyon matnda tegishli hudud deb yuritiladi) doimiy yashovchi fuqarolar ega bo‘ladi.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida ishtirok etishi mumkin emas.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar ko‘rsatish tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikri inobatga olingan holda ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi.
Tuman yoki shahar hokimi fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga taqdim etilgan nomzodlarning hujjatlarini ko‘rib chiqadi va o‘zining ushbu nomzodlar bo‘yicha asoslantirilgan xulosalarini keyinchalik ishchi guruhlarga topshirish uchun tegishli komissiyalarga yuboradi.
Ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning yarmidan ko‘prog‘ining ovozini olgan nomzod fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga saylangan deb hisoblanadi.