Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 36200 marta o'qildi

Fuqarolar yig‘ini raisi saylovida ishtirok etish ixtiyoriy va erkin. Hech kim fuqaroni saylovda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka majbur qilishi, shuningdek uning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin emas.

Fuqarolar yig‘ini raisi 5 yil muddatga saylanadi. Raisni saylash yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Kimlar saylovda ishtirok etishi mumkin?

Fuqarolar yig‘ini raisini saylash huquqiga:

  • saylov kuni 18 yoshga to‘lgan;
  • tegishli shaharcha, qishloq, ovul yoki mahalla hududida doimiy yashovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ega.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar saylovda ishtirok eta olmaydi.

Fuqarolarning saylovda ishtirok etish huquqlarini qonunda nazarda tutilmagan asoslarda bevosita yoki bilvosita cheklash taqiqlanadi.

Saylov qachon o‘tkaziladi?

Fuqarolar yig‘ini raisi saylovini o‘tkazish muddatlari saylov boshlanishidan kamida 2 oy oldin:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi;
  • xalq deputatlari viloyatlar Kengashlari;
  • xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi

tomonidan belgilanadi.

Saylov vakolat muddati tugagan fuqarolar yig‘ini raisi lavozimi uchun o‘tkaziladi. Saylovga tayyorgarlik tadbirlarining muddatlari va tartibi ham tegishli Kengashlar tomonidan belgilanadi.

Fuqarolar saylov haqida qanday xabardor qilinadi?

Fuqarolarga:

  • yig‘in o‘tkaziladigan sana;
  • vaqt va joy;
  • raislikka nomzodlar;
  • ovoz berish yakunlari

haqida axborot beriladi.

Saylovni tashkil etish va o‘tkazish, yig‘in sanasi, vaqti va joyi hamda nomzodlar haqidagi axborot Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlarining rasmiy veb-saytlarida saylovdan kamida 5 kun oldin joylashtiriladi.

Nomzodlar qanday ko‘rsatiladi?

Raislikka nomzodlar tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikrini inobatga olgan holda ishchi guruh tomonidan ko‘rsatiladi.

Ishchi guruh nomzodlarga oid hujjatlarni tayyorlaydi va tuman yoki shahar hokimi bilan kelishish uchun tegishli komissiyaga saylovdan kamida 10 kun oldin taqdim etadi. Nomzodning o‘z nomzodi ko‘rsatilishiga yozma roziligi ham hujjatlarga qo‘shiladi.

Hokimning xulosasi olingandan keyin kelishilgan nomzodlar haqidagi axborot fuqarolar yig‘ini binosi va guzarlarga saylovdan kamida 5 kun oldin joylashtiriladi.

Raislikka nomzodga qanday talablar qo‘yiladi?

Nomzod:

  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi;
  • qoida tariqasida, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi;
  • bevosita saylovga qadar tegishli hududda kamida 5 yil doimiy yashagan bo‘lishi;
  • tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lishi;
  • davlat organlari, NNT, tadbirkorlik yoki boshqa xo‘jalik faoliyati sohasida ish tajribasiga ega bo‘lishi;
  • hayotiy tajriba va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi kerak.

Quyidagi shaxslar nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin emas:

  • sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganlar;
  • og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar;
  • sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotganlar;
  • haqiqiy harbiy xizmatdagi shaxslar;
  • diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari.

Saylov qanday o‘tkaziladi?

Saylov muqobillik asosida, ya’ni raislikka kamida 2 nafar nomzod ko‘rsatilgan holda o‘tkaziladi.

Saylov fuqarolar yig‘inida yoki fuqarolar vakillarining yig‘ilishida o‘tkazilishi mumkin.

Fuqarolar yig‘ini vakolatli bo‘lishi uchun unda saylovda qatnashish huquqiga ega aholining yarmidan ko‘prog‘i ishtirok etishi kerak.

Agar saylov fuqarolar vakillarining yig‘ilishi shaklida o‘tkazilsa, yig‘inda belgilangan vakillarning kamida uchdan ikki qismi qatnashishi lozim. Bunda fuqarolar vakillarining umumiy soni saylovda ishtirok etish huquqiga ega fuqarolar umumiy sonining kamida 12 foizini tashkil etishi kerak.

Ovoz berish tartibi

Rais yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi.

Ovoz beruvchilarga sanoq komissiyasi tomonidan saylov byulleteni beriladi. Byulletenda nomzodlarning familiyasi, ismi va otasining ismi alifbo tartibida ko‘rsatiladi.

Ovoz beruvchi byulletenni yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasida to‘ldirib, o‘zi yoqlab ovoz berayotgan nomzod qarshisidagi bo‘sh katakka «+», «✓» yoki «x» belgisini qo‘yadi va byulletenni saylov qutisiga tashlaydi.

Ovoz berish tugagach, sanoq komissiyasi ovozlarni har bir nomzod bo‘yicha sanaydi va natijalar yuzasidan bayonnoma tuzadi.

Kim saylangan hisoblanadi?

Ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning yarmidan ko‘prog‘ining ovozini olgan nomzod fuqarolar yig‘ini raisi etib saylangan hisoblanadi.

Agar 2 nafardan ortiq nomzod ishtirok etgan bo‘lsa va ulardan hech biri zarur miqdorda ovoz olmasa, eng ko‘p ovoz olgan 2 nafar nomzod bo‘yicha takroriy ovoz berish o‘tkaziladi.

Takroriy ovoz berishda boshqa nomzodga nisbatan ko‘proq ovoz olgan nomzod saylangan hisoblanadi.

Saylov natijasidan norozi bo‘lsa nima qilish mumkin?

Fuqarolar yig‘ini yoki fuqarolar vakillari yig‘ilishining saylov natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarori ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.

Eslatma: 2025-yil 12 fevraldan raislarning umumiy vakolat muddati 5 yil etib belgilandi. Biroq ushbu o‘zgarish kuchga kirguniga qadar saylangan raislar o‘zlari saylangan 3 yillik muddat tugaguniga qadar vakolatlarini davom ettiradi.

Chat