Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 16646 marta o'qildi

Kimlar himoya qilinishi mumkin

Qonunga ko‘ra himoya qilinuvchi shaxslar qatoriga:

— jabrlanuvchi va uning qonuniy vakili;

— guvoh;

— jamoat ayblovchisi va jamoat himoyachisi;

— gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, ularning himoyachilari va qonuniy vakillari;

— mahkum;

— oqlangan shaxs;

— jinoyat ishi tugatilgan shaxs;

— fuqaroviy da’vogar va fuqaroviy javobgar hamda ularning vakillari;

— ekspert;

— mutaxassis;

— tarjimon;

— xolis kiradi.

Ularning oila a’zolari va yaqin qarindoshlari ham zarur hollarda himoya qilinishi mumkin.

Bundan tashqari, himoya choralari jinoyat ishi hali qo‘zg‘atilmagan bosqichda ham arizachi, jinoyat shohidi yoki jinoyatning oldini olish yoxud uni fosh etishga ko‘maklashuvchi shaxsga nisbatan qo‘llanilishi mumkin.

Qachon himoya chorasi qo‘llaniladi

Agar shaxsning jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan:

— uni o‘ldirish;

— unga zo‘rlik ishlatish;

— mol-mulkini yo‘q qilish yoki shikastlash;

— boshqa g‘ayriqonuniy qilmish sodir etishning aniq tahdidi mavjud bo‘lsa, xavfsizlik choralarini qo‘llash uchun asos yuzaga keladi.

Qoida tariqasida choralar himoya qilinuvchi shaxsning yozma arizasi yoki roziligi asosida amalga oshiriladi.

Qanday xavfsizlik choralari bor

Quyidagi choralar qo‘llanilishi mumkin:

— shaxs haqidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash;

— shaxsni, uy-joyini va boshqa mol-mulkini qo‘riqlash;

— maxsus individual himoya va texnik vositalar berish;

— vaqtincha xavfsiz joyga joylashtirish;

— boshqa yashash joyiga ko‘chirish;

— ish, xizmat yoki o‘qish joyini o‘zgartirish;

— hujjatlarni almashtirish;

— shaxs haqidagi ma’lumotlardan foydalanishni cheklash;

— qamoqda yoki jazoni o‘tash joyida qo‘shimcha xavfsizlik choralarini ta’minlash.

Hujjatlarni almashtirish va shaxs haqidagi ma’lumotlardan foydalanishni cheklash choralari og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat ishlarida zarur bo‘lgan hollarda qo‘llaniladi.

Qaror qancha vaqtda qabul qilinadi

Tahdid to‘g‘risida ariza yoki xabar olingach, tergovga qadar tekshiruv organi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud uni tekshirib:

— odatda 3 sutka ichida;

— kechiktirib bo‘lmaydigan holatda darhol xavfsizlik chorasini qo‘llash yoki rad etish haqida qaror qabul qilishi shart.

Qaror qabul qilingan kunning o‘zida uni ijro etuvchi organ va himoya qilinishi kerak bo‘lgan shaxsga yuboriladi.

Eslatma: agar hayot, sog‘liq yoki mol-mulkka real tahdid mavjud bo‘lsa, masalani oddiy murojaatning 15 kunlik muddatida ko‘rib chiqish qoidasi qo‘llanmaydi. Xavfsizlik chorasi bo‘yicha qaror 3 sutkada, kechiktirib bo‘lmaydigan holda esa darhol qabul qilinishi kerak.

Rad etilsa shikoyat qilish mumkinmi

Ha.

Xavfsizlik choralarini qo‘llashni rad etish yoki ularni qo‘llash haqidagi qaror ustidan:

— yuqori turuvchi organga;

— prokurorga;

— sudga shikoyat qilish mumkin.

Shikoyat 24 soat ichida ko‘rib chiqilishi shart.

Ijtimoiy himoya choralari

Agar himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan:

— halok bo‘lsa;

— nogironlikka olib kelgan tan jarohati olsa;

— sog‘lig‘iga boshqa zarar etkazilsa;

— mulkiy zarar ko‘rsa, qonunchilikda ijtimoiy himoya choralari nazarda tutilgan.

Halok bo‘lgan shaxsning oila a’zolari va qaramog‘idagi shaxslarga nafaqa hamda qonunchilikda belgilangan hollarda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlanishi mumkin.

Bir yo‘la beriladigan nafaqa miqdori

2025-yildan belgilangan tartib bo‘yicha:

— himoya qilinuvchi shaxs halok bo‘lsa — oila a’zolariga jami 100 BHM, teng ulushlarda;

— I guruh nogironligi kelib chiqsa — 80 BHM;

— II guruh — 70 BHM;

— III guruh — 50 BHM;

— nogironlikka olib kelmagan og‘ir tan jarohati — 35 BHM;

— o‘rta og‘ir tan jarohati — 30 BHM;

— sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga olib kelgan engil tan jarohati — 25 BHM miqdorida bir yo‘la nafaqa beriladi.

Ijtimoiy himoya chorasini qo‘llash haqidagi qaror ijtimoiy himoyani ta’minlovchi organ tomonidan 10 sutka ichida ijro etilishi lozim.

Mazkur bir yo‘la nafaqa soliqqa tortilmaydi va undan ushlab qolish amalga oshirilmaydi.

Mulkiy zarar

Himoya qilinuvchi shaxsga uning jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan etkazilgan mulkiy zarar Davlat byudjeti va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan qoplanadi.

Keyinchalik ushbu mablag‘lar zarar etkazishda aybdor bo‘lgan shaxsdan undirilishi lozim.

Chat