Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 1905 marta o'qildi

Uy yoki kvartirani ta’mirlashdan chiqqan chiqindini kim olib ketadi?

Uy-joy qurish, ta’mirlash yoki buzish jarayonida hosil bo‘lgan qurilish chiqindilarini olib ketish uchun hududga xizmat ko‘rsatuvchi chiqindilarni tashishga ixtisoslashgan tashkilotga buyurtma berish mumkin.

Qurilish chiqindilarini olib ketish odatdagi rejali maishiy chiqindi xizmatiga kirmaydi. Ular iste’molchining buyurtmasi asosida, kelishilgan holda rejadan tashqari va alohida to‘lov evaziga olib ketiladi.

Qurilish chiqindisiga nimalar kiradi?

Qurilish ishlari, rekonstruktsiya, ta’mirlash va bino yoki inshootlarni buzish natijasida hosil bo‘lgan materiallar qurilish chiqindilari hisoblanadi.

O‘lchami 0,75 m³ hajmli konteynerga joylashtirish imkonini bermaydigan qurilish chiqindilari yirik gabaritli chiqindilar qatoriga kiradi. Bunday chiqindilarni tashish uchun ag‘darma, bortli yoki boshqa moslashtirilgan transport vositalaridan foydalaniladi.

Xizmat haqi qanday belgilanadi?

Qurilish chiqindilarini rejadan tashqari olib chiqib ketish alohida to‘lovli xizmat hisoblanadi. To‘lov miqdori chiqindi hajmi, transport va xizmat ko‘rsatish shartlariga muvofiq belgilanadi.

Shu sababli qurilish chiqindisi hosil bo‘lganda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga murojaat qilib, chiqindi hajmi, manzil, olib ketish vaqti va xizmat qiymatini kelishib olish lozim.

Tashkilot yoki tadbirkorning qurilish chiqindisi qanday olib ketiladi?

Qurilish, rekonstruktsiya, montaj, ta’mirlash, obodonlashtirish yoki buzish ishlarini amalga oshirayotgan tashkilotlar uchun alohida tartib belgilangan.

Bunday chiqindilar, avvalo, imkoni bo‘lsa takroriy foydalanish, utilizatsiya qilish yoki qayta ishlashga yo‘naltiriladi. Buning imkoni bo‘lmasa, chiqindilar tegishli faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorga topshiriladi yoxud maxsus ajratilgan qurilish chiqindilari poligoniga, bunday poligon mavjud bo‘lmagan hududda esa maishiy chiqindilar poligoniga joylashtiriladi.

Tashkilot qurilish chiqindilarini o‘z texnik imkoniyatlari bilan olib chiqishi yoki chiqindilarni to‘plash, tashish, utilizatsiya qilish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilot bilan shartnoma tuzishi mumkin.

Eslatma: qurilish chiqindilarini belgilanmagan joylarga tashlash mumkin emas. Ular qonunchilikda belgilangan tartibda olib ketilishi, qayta ishlanishi, utilizatsiya qilinishi yoki tegishli poligonga joylashtirilishi kerak.

Chat