Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 15984 marta o'qildi

Tovar qaysi mamlakatda ishlab chiqarilgan deb hisoblanadi?

Tovar to‘liq ishlab chiqarilgan yoki qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq etarli darajada qayta ishlangan mamlakat tovar ishlab chiqarilgan mamlakat hisoblanadi.

Muayyan mamlakatda to‘liq ishlab chiqarilgan tovarlarga, jumladan, shu mamlakatda qazib olingan foydali qazilmalar, etishtirilgan o‘simlik mahsulotlari, tug‘ilgan va parvarish qilingan hayvonlar, ovchilik va baliqchilik mahsulotlari hamda ulardan shu mamlakatning o‘zida tayyorlangan tovarlar kiradi.

Etarli darajada qayta ishlash nima?

Tovar bir nechta mamlakat ishtirokida tayyorlangan bo‘lsa, uning kelib chiqish mamlakati etarli darajada qayta ishlash mezonlari asosida aniqlanadi.

Bunda tovarning Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasidagi kodi belgilangan darajada o‘zgarishi, muayyan ishlab chiqarish operatsiyalari bajarilishi yoki tovar qiymatidagi qo‘shilgan qiymat ulushi kabi mezonlar qo‘llanilishi mumkin. Oddiy saralash, qayta o‘rash, saqlash yoki tashishga tayyorlash kabi operatsiyalar o‘z-o‘zidan etarli qayta ishlash hisoblanmaydi.

Tovarning kelib chiqishi qanday tasdiqlanadi?

Tovarning muayyan mamlakatda ishlab chiqarilganligi tovarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikat bilan tasdiqlanadi. Sertifikat vakolatli organ tomonidan belgilangan tartibda, shu jumladan elektron shaklda berilishi mumkin.

Sertifikat bojxona deklaratsiyasi va bojxona rasmiylashtiruvi uchun zarur boshqa hujjatlar bilan bir vaqtda taqdim etiladi. Sertifikat yo‘qolgan bo‘lsa, uni bergan organ rasman tasdiqlagan dublikat qabul qilinishi mumkin.

Qachon sertifikat majburiy?

Tovarni O‘zbekistonga olib kirishda sertifikat, jumladan:

  • O‘zbekiston tarif preferentsiyalari beradigan mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlar uchun;
  • muayyan mamlakatdan olib kirilishi kvota yoki boshqa tashqi iqtisodiy choralar bilan tartibga solinadigan tovarlar uchun;
  • hujjatlarda kelib chiqish mamlakati haqida ma’lumot bo‘lmasa yoki noto‘g‘ri ma’lumot berilgan deb hisoblash uchun asos bo‘lsa;
  • qonunchilik yoki xalqaro shartnomalarda bunday talab belgilangan bo‘lsa majburiy taqdim etiladi.
Chat