Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 398235 marta o'qildi

YOSHLAR DAFTARI

«Yoshlar daftari» nima?

«Yoshlar daftari» — ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga, bilim, kasb va ko‘nikmalarni egallashga muhtoj yoshlarni aniqlash hamda ularga maqsadli yordam ko‘rsatish tizimi.

Daftarga yashash yoki turgan joyi bo‘yicha 14 yoshga to‘lgan va 31 yoshga to‘lmagan shaxslar kiritilishi mumkin.

Kimlar kiritiladi?

Quyidagi yoshlar kiritilishi mumkin:

  • Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilaning 14–30 yoshdagi a’zosi;
  • oila a’zolari har biriga to‘g‘ri keladigan oylik daromad minimal iste’mol xarajatlarining 2 baravaridan oshmaydigan oilaning 14–30 yoshdagi a’zosi — faqat jarrohlik amaliyotisiz davolanish yoki jarrohlik xarajatlarini qoplash yordami uchun.

Shaxs «Yoshlar daftari»ga kiritish bilan bir vaqtda o‘ziga zarur bo‘lgan bitta aniq ijtimoiy yordam turini va so‘ralayotgan miqdorni ko‘rsatishi kerak.

Qanday murojaat qilinadi?

Ariza:

  • istalgan Davlat xizmatlari markaziga;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali;
  • Yoshlar yagona elektron platformasi orqali beriladi.

YaIDXP va Yoshlar yagona elektron platformasi orqali arizalar dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar 24 soat davomida yuborilishi mumkin. Ijtimoiy holat «Yagona milliy ijtimoiy himoya» tizimi orqali, boshqa mezonlar esa tegishli axborot tizimlari orqali avtomatik tekshiriladi.

Ariza qanday ko‘rib chiqiladi?

Murojaat tegishli mahalladagi yoshlar etakchisiga elektron tarzda yuboriladi. Yordam turiga qarab ariza beruvchi bilan ijtimoiy shartnoma rasmiylashtirilishi mumkin.

Ijtimoiy shartnoma — ijtimoiy yordam oluvchi yoshning ta’lim, bandlik, volontyorlik yoki o‘zini rivojlantirish bo‘yicha majburiyatlarini belgilaydigan elektron kelishuv.

«Mahalla ettiligi» murojaat va hujjatlarni 5 ish kuni ichida o‘rganib, oddiy ko‘pchilik ovoz bilan daftarga kiritish va yordam ajratish yoki rad etish haqida qaror qabul qiladi. Natija SMS va elektron shaxsiy kabinet orqali xabar qilinadi.

Qanday yordam turlari mavjud?

Belgilangan mezonlarga qarab:

  • yoshlar bandligi va ijtimoiy faolligiga qaratilgan loyihalar uchun grantlar;
  • nogironligi bo‘lgan yoshlarning parasport mashg‘ulotlariga yo‘lkira xarajatlari;
  • sport anjomlari, maxsus forma yoki musiqa asboblari;
  • jarrohlik amaliyotisiz davolanish va jarrohlik xarajatlari;
  • haydovchilik kurslari uchun subsidiya;
  • professional va oliy ta’lim to‘lov-kontraktining bir qismi;
  • ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalarga ijara kompensatsiyasi;
  • kasb, tadbirkorlik, axborot texnologiyalari va xorijiy til kurslari;
  • fan, sport, san’at va madaniyat bo‘yicha kurslar hamda musobaqalar xarajatlari;
  • safarbarlik chaqiruvi rezervida bepul xizmat o‘tash uchun tavsiyanoma kabi yordamlar ko‘rsatilishi mumkin.

Qaysi hollarda rad etilishi mumkin?

Quyidagilar rad etishga asos bo‘lishi mumkin:

  • shaxs belgilangan yosh yoki ijtimoiy mezonga javob bermasa;
  • so‘ralayotgan yordam turining shartlari bajarilmasa;
  • arizada noto‘g‘ri ma’lumot berilsa;
  • zarur hujjatlar taqdim etilmasa.

Noto‘g‘ri ma’lumot yoki etishmayotgan hujjat aniqlansa, ariza beruvchiga ularni 5 ish kuni ichida tuzatish yoki taqdim etish imkoniyati beriladi. Qarordan yuqori turuvchi Yoshlar ishlari organiga yoki ma’muriy sudga shikoyat qilish mumkin.

Chat