Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 43967 marta o'qildi

Sudga murojaat qilish shakli

Fuqarolik ishi sudga yozma ariza berish orqali qo‘zg‘atiladi. Ariza:

  • sudga bevosita topshirilishi;
  • pochta orqali yuborilishi;
  • belgilangan axborot tizimi orqali elektron hujjat shaklida taqdim etilishi mumkin.

Ariza O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi talablariga muvofiq rasmiylashtiriladi.

Arizada ko‘rsatiladigan ma’lumotlar

Arizada, jumladan, quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:

  • ariza berilayotgan sudning nomi;
  • da’vogarning familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash manzili;
  • da’vogar tashkilot bo‘lsa, uning nomi, joylashgan eri va rekvizitlari;
  • javobgar to‘g‘risidagi ma’lumotlar va uning manzili;
  • da’vogarning aniq talabi;
  • baholanishi lozim bo‘lgan da’vo bo‘yicha da’vo bahosi;
  • talabga asos bo‘lgan holatlar va ularni tasdiqlovchi dalillar;
  • qonun yoki shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, nizoni sudgacha hal qilish tartibiga rioya etilganligi;
  • arizaga ilova qilinayotgan hujjatlar ro‘yxati.

Ariza da’vogar yoki uni imzolash vakolatiga ega vakil tomonidan imzolanadi.

Arizaga ilova qilinadigan hujjatlar

Arizaga quyidagilarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi:

  • da’vo talablariga asos bo‘lgan holatlar;
  • javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish tartibiga rioya etilganligi, agar bunday tartib majburiy bo‘lsa;
  • belgilangan miqdorda davlat boji va pochta xarajatlari to‘langanligi;
  • ariza vakil tomonidan imzolangan bo‘lsa, uning vakolatlari.

Davlat bojining miqdori va uni to‘lashdan ozod etiladigan shaxslar «Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonunda belgilangan.

Arizani qabul qilish masalasi

Sudьya ariza sudga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay yakka tartibda quyidagi masalalardan birini hal qiladi:

  • arizani ish yuritishga qabul qilish;
  • arizani qabul qilishni rad etish;
  • arizani qaytarish;
  • arizani sudga taalluqliligi bo‘yicha boshqa sudga o‘tkazish.

Bu haqda sud ajrim chiqaradi. Arizani qabul qilishni rad etish, arizani qaytarish yoki boshqa sudga o‘tkazish to‘g‘risidagi ajrim nusxasi arizachiga ajrim chiqarilgan kunning ertasidan kechiktirmay yuboriladi.

Muhim: arizaning qaytarilishi ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilgandan keyin sudga takroran murojaat qilishga, odatda, to‘sqinlik qilmaydi. Arizani qabul qilishni rad etish esa boshqa huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Bir nechta talabni birlashtirish

Da’vogar bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan bir nechta talabni bitta arizada birlashtirishga haqli. Agar talablarni birgalikda ko‘rib chiqish ishni to‘g‘ri va o‘z vaqtida hal qilishga yordam bermasa, sud ularni alohida ish yuritishga ajratishi mumkin.

Qarshi da’vo

Javobgar sud ish bo‘yicha hal qiluv qarori qabul qilguniga qadar da’vogarga nisbatan qarshi da’vo berishi mumkin. Qarshi da’vo dastlabki da’vo bilan birgalikda ko‘rib chiqiladi va da’vo taqdim etishning umumiy qoidalariga muvofiq rasmiylashtiriladi.

Muhim: sudga noto‘g‘ri talab, etarli bo‘lmagan dalillar yoki noto‘g‘ri javobgar ko‘rsatilgan ariza bilan murojaat qilish ishning cho‘zilishi yoki talabning rad etilishiga olib kelishi mumkin.

Chat