Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 20997 marta o'qildi

Ishni sud muhokamasiga tayyorlash

Sudьya ishni sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risida ajrim chiqaradi. Unda sudьya va ishda ishtirok etuvchi shaxslar amalga oshirishi lozim bo‘lgan harakatlar, ularni bajarish muddatlari, sud majlisining vaqti va joyi ko‘rsatiladi.

Ishni tayyorlash jarayonida sudьya:

  • javobgarlar va uchinchi shaxslarni ishga jalb etish masalasini hal qiladi;
  • manfaatdor shaxslarni ish yuritilayotgani haqida xabardor qiladi;
  • taraflarga zarur hujjat va dalillarni taqdim etishni taklif qiladi;
  • guvohlarni chaqiradi;
  • ekspertiza tayinlash zaruratini ko‘rib chiqadi;
  • dalillarni talab qilib olishga ko‘maklashadi;
  • dastlabki himoya choralari va dalillarni ta’minlash masalasini hal qiladi;
  • taraflarga ularning protsessual huquq va majburiyatlarini tushuntiradi;
  • taraflarni kelishtirish choralarini ko‘radi.

Dastlabki eshituv

Ma’muriy organlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ular mansabdor shaxslarining qonunchilikka muvofiq bo‘lmagan qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi ustidan berilgan ishlar bo‘yicha sud muhokamasiga tayyorlash jarayonida dastlabki eshituv o‘tkaziladi.

Dastlabki eshituv ariza sudga kelib tushgan kundan e’tiboran 20 kundan kechiktirmay o‘tkaziladi. Bu muddat sud muhokamasi uchun belgilangan bir oylik muddatga kiritilmaydi.

Dastlabki eshituvda sudьya arizachining talablarini va javobgarning e’tirozlarini aniqlashtiradi, arizadagi kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘radi, taraflarga zarur dalillarni taqdim etish bo‘yicha tushuntirish beradi hamda talablar va dalillarga dastlabki huquqiy baho beradi. Biroq sudьya ishni mazmunan hal qilish bo‘yicha yakuniy fikr bildirishi mumkin emas.

Dastlabki eshituv natijasi bo‘yicha sud:

  • arizani ko‘rmasdan qoldirish;
  • kelishuv bitimini tasdiqlash;
  • ishni sud muhokamasiga tayinlash to‘g‘risida ajrim chiqaradi.

Sud muhokamasining muddati

Agar qonunda boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, sud muhokamasi ishni sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risidagi ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran bir oydan oshmagan muddatda tugallanishi kerak.

Alohida hollarda sud raisi sud muhokamasi muddatini ko‘pi bilan yana bir oyga uzaytirishi mumkin.

Muhim: Dastlabki eshituv uchun belgilangan 20 kunlik muddat sud muhokamasining bir oylik muddatiga qo‘shilmaydi va alohida hisoblanadi.

Saylov va referendumga oid shikoyatlar

Saylov komissiyasi yoki referendum o‘tkazuvchi komissiyaning xatti-harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyat sud tomonidan u berilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay ko‘rib chiqiladi.

Agar saylovga yoki referendumga olti kundan kam vaqt qolgan bo‘lsa, shikoyat darhol ko‘rib chiqilishi kerak.

Shikoyat arizachi, tegishli komissiya vakili va prokuror chaqirilgan holda ko‘riladi. Agar shikoyat boshqa fuqaroning huquqlariga daxl qilsa, ushbu fuqaro ham chaqiriladi. Tegishli tartibda xabardor qilingan shaxslarning kelmasligi ishni ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmaydi.

Sudning hal qiluv qarori chiqarilishi bilanoq tegishli komissiya va arizachiga darhol topshiriladi.

Sud majlisini o‘tkazish

Ish muhokamasi sud majlisida amalga oshiriladi. Sud majlisi videokonferentsaloqa rejimida ham o‘tkazilishi mumkin.

Raislik qiluvchi sudьya:

  • sud majlisini ochadi va ko‘rilayotgan ishni e’lon qiladi;
  • ishtirokchilarning kelgan-kelmaganligini va ularning vakolatlarini tekshiradi;
  • kelmagan shaxslar tegishli ravishda xabardor qilinganligini aniqlaydi;
  • sud tarkibini va protsessning boshqa ishtirokchilarini e’lon qiladi;
  • taraflarga rad qilish huquqini tushuntiradi;
  • ishtirokchilarning protsessual huquq va majburiyatlarini tushuntiradi;
  • dalillarni tekshirish tartibini belgilaydi;
  • ish uchun ahamiyatli holatlar aniqlanishini va sud majlisida tartib saqlanishini ta’minlaydi.

Sud majlisida yozuv olib borish

Sud protsessi ishtirokchilari va sud majlisi zalida hozir bo‘lgan shaxslar:

  • yozma qaydlar qilish;
  • stenogramma yuritish;
  • ovoz yozib olish huquqiga ega.

Sud majlisini fotosuratga olish, videoyozuvga olish, radio, televidenie yoki internet orqali translyatsiya qilishga ishni ko‘rayotgan sudning ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi.

Sudning tashabbusi yoki ishtirokchilarning iltimosnomasiga ko‘ra sud majlisining rasmiy audio yoki videoyozuvi amalga oshirilishi mumkin.

Ariza va iltimosnomalarni ko‘rib chiqish

Yangi dalillarni talab qilib olish va ish muhokamasi bilan bog‘liq boshqa masalalar bo‘yicha ariza hamda iltimosnomalar boshqa ishtirokchilarning fikri eshitilgandan keyin hal qilinadi.

Ularni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha sud ajrim chiqaradi. Sudning xulosasi ishni ko‘rish natijasida qabul qilingan sud hujjatida ham bayon qilinishi mumkin.

Tartib O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi bilan belgilangan.

Chat