Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 20497 marta o'qildi

Axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazo ijrosi mahkumning yashash joyidagi ichki ishlar organlarining jazolarni ijro etish inspektsiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Jazolarni ijro etish inspektsiyasining majburiyatlari:
  • axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslarni ro‘yxatga oladi;
  • mahkumga jazoni o‘tashning tartibi va shartlarini tushuntiradi;
  • boshqa joylarda o‘taladigan axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslarni ishga jo‘natadi;
  • mahkumlar tomonidan jazoni o‘tash shartlariga rioya etilishini tekshiradi;
  • mahkum ishlaydigan korxona, muassasa va tashkilot ma’muriyati tomonidan hukm talablari ijro etilishini tekshiradi;
  • mahkumni qidirib topish yuzasidan dastlabki tadbirlarni o‘tkazadi, zarur materiallarni tayyorlaydi va tegishli xizmatga oshiradi;
  • axloq tuzatish ishlarini boshqa joylarda o‘tayotgan shaxslar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun ruxsatnoma berish masalasini ko‘rib chiqadi.

Axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazoga hukm qilingan shaxs hukm talablarini bajarishga, jazolarni ijro etish inspektsiyasiga mazkur jazoni o‘tash bilan bog‘liq hujjatlarni taqdim etishga, yashash va ish joyidagi o‘zgarishlar yoki mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqida inspektsiyani xabardor qilishga, chaqiruvga binoan inspektsiyada hozir bo‘lishga majbur. Mahkum hozir bo‘lmagan taqdirda u belgilangan tartibda majburan keltirilishi mumkin.

Jazolarni ijro etish inspektsiyasi belgilaydigan joylarda jazoni o‘tash muddati mobaynida inspektsiyaning yozma ruxsatisiz mehnat shartnomasini mahkumning tashabbusi bilan bekor qilish taqiqlanadi. Inspektsiya ruxsatnoma berishni rad etgan taqdirda yuqori mansabdor shaxsga yoki sudga shikoyat qilish mumkin.

Hukmda nazarda tutilgan chegirma mahkumning asosiy ish joyidagi ish haqining barcha turidan, har bir ishlangan oy uchun maosh to‘lash chog‘ida, qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Mahkum axloq tuzatish ishlarini o‘tashdan bo‘yin tovlagan taqdirda jazolarni ijro etish inspektsiyasi o‘talmagan muddatni ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirish haqida Jinoyat kodeksining 46 va 83-moddalarida nazarda tutilgan tartibda sudga taqdimnoma kiritadi.

Chat