Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 20438 marta o'qildi

Ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni ijro etish mahkumning yashash joyidagi ichki ishlar organlarining jazolarni ijro etish inspektsiyasi tomonidan yoki sud belgilaydigan, mahkumlarning sud belgilagan taqiqlarga (cheklashlarga) rioya etishi ustidan nazoratni amalga oshiradigan boshqa organ tomonidan amalga oshiriladi.

Ozodlikni cheklash muddati mahkum jazolarni ijro etish inspektsiyalarida hisobga qo‘yilgan kundan boshlab hisoblanadi.

Mahkum uzrli sabablarsiz o‘zboshimchalik bilan yashash joyida bo‘lmagan vaqti ozodlikni cheklash muddatiga qo‘shib hisoblanmaydi.

Ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoga hukm qilingan shaxs sud tomonidan belgilangan taqiqlarga (cheklashlarga) rioya etishi, shuningdek o‘zining jazoni o‘tashi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha og‘zaki yoki yozma tushuntirishlar berish uchun chaqiruv bo‘yicha jazolarni ijro etish inspektsiyasiga kelishi shart.

Ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoga hukm qilingan shaxsga nisbatan elektron kuzatuv vositalari qo‘llanilishi mumkin.

Muayyan vaqtda yashash joyidan ketishga, tegishli ma’muriy hudud doirasida joylashgan ma’lum joylarga borishga yoxud tegishli ma’muriy hudud doirasidan chiqish uchun ruxsatnoma, shuningdek yashash joyini o‘zgartirish uchun ruxsatnoma jazolarni ijro etish inspektsiyasi tomonidan beriladi. Qaror taqiqlarning (cheklashlarning) xususiyatidan, mahkumning shaxsidan, uning xulq-atvoridan, tasdiqlovchi hujjatlar mavjudligidan kelib chiqib, alohida hollarda qabul qilinadi.

Uy-joyidan chiqib ketishiga butunlay taqiq belgilangan mahkumning doimiy yashash joyidan ketishi uchun ruxsatnomaga, mahkumning tegishli ma’muriy hudud doirasidan chiqishi uchun ruxsatnomaga, shuningdek mahkumning yashash joyini o‘zgartirishi uchun ruxsatnomaga prokuror tomonidan sanktsiya beriladi.

Agar ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoga hukm qilingan shaxs jazoni o‘tash davrida o‘zining jinoiy qilmishlarini anglab etgani, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, etkazgan moddiy va ma’naviy zararining o‘rnini qoplagan bo‘lsa, jazolarni ijro etish inspektsiyasi ilgari mahkumga belgilangan taqiqlarni (cheklashlarni) to‘liq yoki qisman bekor qilish to‘g‘risida sudga taqdimnoma kiritadi.

Quyidagilar ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlovchilar hisoblanadi:
  • o‘ziga nisbatan sud tomonidan belgilangan taqiqlarni (cheklashlarni) buzishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi to‘g‘risida ogohlantirish tarzida intizomiy jazo qo‘llanilganidan keyin 1 yil ichida jazoni o‘tash tartibi va shartlarini buzishga yo‘l qo‘ygan mahkum;
  • o‘ziga nisbatan texnik nazorat vositalaridan foydalanish qoidalarini buzgan mahkum;
  • yashash joyidan yashiringan, qaerda ekanligi 3 sutkadan ortiq vaqt ichida aniqlanmagan mahkum;
  • yashash joyidagi jazolarni ijro etish inspektsiyasiga belgilangan muddatdan 3 sutkadan ortiq vaqt mobaynida kelmagan mahkum.

Ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o‘tash tartibi va shartlari mahkum tomonidan buzilganligi uchun jazolarni ijro etish inspektsiyasi unga nisbatan ogohlantirish tarzidagi intizomiy jazo chorasini qo‘llaydi.

Mahkum ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlagan, shuningdek sud tomonidan o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, jazolarni ijro etish inspektsiyasi sudga mahkum uchun ozodlikni cheklashning o‘talmagan muddatini jazoning boshqa turiga almashtirish haqida taqdimnoma kiritadi.

Chat