Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 10056 marta o'qildi

Vaktsinalar qanday ishlaydi?

Vaktsinalar tanangizning tabiiy immuniteti bilan birgalikda kasallik yuqishi xavfini kamaytiradi.

Vaktsina – bu mikrobning (virus yoki bakteriyalarning) zaiflashgan, zarasiz bo‘lagi. Vaktsina tanangizga yuborilgandan keyin immunitet tizimingiz tanaga kirgan mikrobni aniqlaydi, va bu mikrobga karshi kurashish uchun antitanachalarni ishlab chiqarib, u bilan qanday kurashish kerakligini eslab qoladi. Agar kelgusida ushbu mikrob ta’siriga yana uchrasangiz, immunitet tizimingiz uni qanday yo‘q qilishini biladi; siz kasal bo‘lmaysiz. Shunday qilib, vaktsina tanada kasallikka qarshi immunitetni ishlab chiqishga ko‘mak beruvchi xavfsiz va samarali vosita sanaladi. Kasallik paydo bo‘lganidan keyin uni davolashdan ko‘ra, emlash orqali kasalliklarning oldini olish maqsadga muvofiq. 

Vaktsinalar uzoq muddatli himoyani kafolatlay oladimi?

Bu savolga javob berish uchun qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazilishi talab etiladi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, COVID-19 kasalligidan tuzalgan odamlarning aksariyatida immunitet shakllanadi. Uning davomiyligi qay muddat saqlanib turishini vaqt ko‘rsatadi. 

COVID-19 ni yuqtirish oqibatida shakllangan immunitet kuchlimi yoki COVID-19 ga qarshi emlangandan keyin hosil bo‘lgan immunitetmi?

Insonda infektsiya yuqishi natijasida hosil bo‘lgan “tabiiy immunitet”ning shakllanishi organizmning xususiyatlariga bog‘liq holda farqlanadi. Ushbu virus insoniyat uchun yangi bo‘lganligi sababli, shu savolga aniq javobini hali bilmaymiz. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, COVID-19 ni yuqtirib olish natijasida hosil bo‘lgan immunitet 90 kun davomida qayta kasallanishdan saqlaydi.

COVID-19 vaktsinalarining real hayotda qanday ta’sir qilishi haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lmagunimizcha, emlashdan keyingi immunitet davomiyligi haqida ham aniq raqamlarni aytish qiyin. 

COVID-19 ga qarshi vaktsinalar pandemiyani to‘xtatishga qodirmi?

Olimlarning ta’kidlashicha, kasallik yuqishining epidemik jarayon zanjirini uzish uchun aholining kamida 60-70% da immunitet mavjud bo‘lishi kerak. Buning qanchalik tez sodir bo‘lishi bir necha omillarga bog‘liq. Vaktsinalarnging samaradorligi qanchalik tez isbotlinashi, JSST tomonidan tasdiqlanishi, ishlab chiqarilishi va etkazib berilishi hamda emlanuvchi aholi qatlamining shakllantirilishi ana shu omillar qatoriga kiradi. 

COVID-19 ga qarshi vaktsinatsiya o‘zi nima uchun kerak?

COVID-19 ga qarshi emlash pandemiyani jilovlashga yordam beradi. Vaktsinalar immunitet tizimingizni mustahkamlab, Sizga yuqishi mumkin bo‘lgan viruslarga qarshi kurashishda ishtirok etadi. Biz emlash orqali nafaqat o‘zimizni, balki atrofimizdagilarni ham himoya qilamiz. COVID-19 ni keltirib chiqaradigan virus juda oson yuqadi. Fikrimizcha, aholining 60-70 foizida ushbu kasallikka qarshi immunitetni shakllantirmay turib, unga qarshi samarali kurasha olmaymiz.

Shu o‘rinda dunyo bo‘yicha kasallanganlarning 3-5% vafot etganligini va aynan shu ko‘ngilsiz foizlar ichida bizning yaqinlarimiz ham bo‘lishi ehtimolini esimizdan chiqarmasligimiz lozim. Niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, antiseptik vositalardan foydalanish va jamoat joylariga borishdan o‘zini tiyish kabilar virus yuqishi yoki uni boshqalarga yuqtirish ehtimolini kamaytirishda samarali amal sifatida hisoblanishiga qaramasdan, bu choralar pandemiyani jilovlash uchun etarli emas. 

Men COVID-19 dan davolangan bo‘lsam, unga qarshi emlanishim shartmi?

Ha. COVID-19 bilan bog‘liq xavflarning yuqoriligi va COVID-19 bilan qayta kasallanish ehtimolining borligi sababli, ushbu kasallik bilan avval kasallangan bo‘lishingizdan qat’i nazar, emlanishingiz shart. 

O‘zbekiston Respublikasida COVID-19 ga qarshi emlash tadbirlari qachon boshlanadi va kimlar birinchi galda emlanadi?

Dastlab, respublikaga olib kelinadigan vaktsina cheklangan miqdorda bo‘lganligi sababli, barchani emlash imkoni bo‘lmaydi. Sog‘liqni saqlash vazirligining 15.02.2021-yildagi 31-sonli buyrug‘iga asosan, aholi kasallikni yuqtirib olish xavfiga qarab toifalarga bo‘lingan.

Demak, olib kelingan vaktsinalar bilan emlash ham shu ketmaketlikda amalga oshiriladi. Unga muvofiq, Yuqish xavfi juda yuqori bo‘lganlar: 65 yoshdan katta bo‘lganlar (65- 74, 75-84, 85 yosh va undan yuqorilar), tibbiyot xodimlari, surunkali kasalliklar bilan dispanser nazoratida turuvchilar.

Yuqori xavf ostida bo‘lganlar: Qurolli kuchlar va huquqni muxofaza qilish organlari xodimlari, jurnalistlar, blogerlar, OAV xodimlari, transport xodimlari (metro, temir yo‘l, aeroport), maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarda xizmat qilayotgan xodimlar, Chet davlatlarda tahsil oluvchi talabalar, Mehnat migrantlari ketmaketlikda emlanishi rejalashtirilmoqda. Shundan keyingina asta-sekin aholining boshqa qatlamlari ham qamrab olinadi. 

COVID-19 ga qarshi vaktsina xavfsizmi?

O‘zbekiston Respublikasi Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti (JSST) tomonidan samaradorligi tan olingan, xavfsizligi kafolatlangan va favqulodda holatlarda koronavirus kasalligiga qarshi emlash uchun ishlatishga tavsiya etilgan vaktsinalardan foydalanadi. Pfizer/Biotech va AstraZeneca vaktsinalari koronavirus epidemiyasi (pandemiya) boshlanganidan beri Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti favqulodda tekshiruvidan o‘tgan dastlabki ikkita vaktsina hisoblanadi. 

Men o‘zimni qaerda emlatishim mumkin?

Koronavirusga qarshi emlash ishlari KTMP, OP, OShPlarda va mobil guruhlar tomonidan amalga oshiriladi. Hududiy ambulatoriyapoliklinika xizmati tomonidan Sizga emlanadigan kuningiz, vaqtingiz va joyingiz haqida albatta xabar beriladi. Emlash ishlarini esa maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, alohida sertifikatlarga ega bo‘lgan vaktsinatorlar amalga oshiradi. 

Emlash bepul amalga oshiriladimi?

Ha. COVID-19 ga qarshi emlanish bepul.

OIV bilan kasallangan va autoimmun kasalliklarga chalingan shaxslar COVID-19 ga qarshi emlanadimi?

Emlash tadbirlarini amalga oshirish paytida ushbu vaktsinani ishlab chiqargan tashkilotning tavsiyalariga amal qilinadi. OIV infektsiyasiga chalingan va autoimmun kasalliklariga chalingan shaxslarni, shu jumladan anamnezida og‘ir allergik reaksiyalari mavjud bo‘lgan shaxslarni emlash tavsiya etilmaydi. Har qanday holatda ham emlash to‘g‘risidagi qaror tibbiy ko‘rik natijasida qabul qilinadi. Mabodo emlashga monelik qiladigan u yoki bu turdagi holatlar kuzatilsa, tibbiy ko‘rik o‘tkazayotgan shifokor albatta unga e’tibor qaratadi. 

Emlangandan keyingi asoratlarning oldini olish borasida qanday ishlar qilinyapti?

Koronavirusga qarshi emlangan shaxslar patronaj tibbiyot xodimlari tomonidan emlangandan so‘ng 30 daqiqa davomida kuzatib turiladi, keyinchalik 3 (uch) kun davomida uyiga tashrif buyurish yo‘li bilan muntazam surishtirib boriladi, ularning sog‘lig‘i ahvoli ko‘zdan kechirilib, 64/x hujjati bilan rasmiylashtiriladi. Barcha emlash maskanlarida emlash bo‘yicha mutaxassislar asbobanjomlar va birinchi tibbiy yordam uchun zarur bo‘lgan dori-darmonlar bilan ta’minlangan.

Barcha emlash mutaxassislari emlashdan keyingi salbiy reaksiyalarni boshqarish bo‘yicha tegishli tayyorgarlikdan o‘tgan. COVID-19 ga qarshi emlanish bilan bog‘liq allergik reaksiya kuzatilgan hollarda tez tibbiy yordam brigadalari jalb etiladi. 

Koronavirus bilan kasallangan shaxslar bilan yaqin aloqada bo‘lganlarni emlash mumkinmi?

Buni qaerda va qanday amalga oshirish mumkin? Koronavirus bilan kasallangan odamlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan shaxslar karantin (14 kun) tugaganidan keyin, shifokor ko‘rigidan so‘ng emlanishlari mumkin.

Batafsil ma’lumot coronavirus.uz va my.gov.uz saytidan olishingiz mumkin.

Chat