Pensiyaning boshlang‘ich miqdori quyidagicha belgilanadi:
- boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi uchun oilaning har bir mehnatga layoqatsiz a’zosiga — pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizi miqdorida, biroq yoshga doir eng kam pensiyaning 50 foizidan kam emas;
- har ikkala ota-onasini yo‘qotgan bolalarga (chin etimlarga) boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi uchun yoki vafot etgan yolg‘iz onaning bolalariga har bir bola uchun — pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizi, biroq yoshga doir eng kam pensiyaning 100 foizidan kam emas.
Vafot etgan pensionerning oila a’zosiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi miqdori vafot etgan pensioner (boquvchi)ning pensiyasini hisoblash uchun qabul qilingan ish haqidan hisoblab chiqiladi.
Boquvchi nogironlik pensiyasi oluvchi hisoblangan va pensiya tayinlangandan keyin mehnat faoliyatini amalga oshirgan hollarda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlashni so‘rab murojaat qilgan vafot etgan boquvchi oila a’zosining xohishiga ko‘ra nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyin ega bo‘lingan ish staji boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini hisoblab chiqishda hisobga olinadi. Talab qilinadigan ish staji boquvchi vafot etgan kunda uning yoshi bo‘yicha aniqlanadi.
Bunda ko‘rsatib o‘tilgan ish staji uchun olingan ish haqi ish haqi tarkibiga kiritiladi, agar boquvchi yoshga doir pensiya olsa va pensiya tayinlangandan keyin ishni davom ettirsa pensiya tayinlangandan keyin ish staji va ish haqi hisobga olinmaydi.