Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 37763 marta o'qildi

Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida” gi qonun loyihasining yangi  tahriri e’lon qilindi - Review.uz

Har kim xohlagan dinga e’tiqod qilishi mumkinmi?

Ha. Vijdon erkinligi — har kimning xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqidir.

Shaxsni:

  • muayyan dinga e’tiqod qilishga yoki qilmaslikka;
  • ibodat, diniy rasm-rusum va marosimlarda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka;
  • diniy ta’lim olishga majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Voyaga etmagan shaxsni uning yoki ota-onasi (qonuniy vakili)ning xohish-irodasiga zid ravishda diniy tashkilotga jalb qilish ham mumkin emas.

Dinga munosabatiga qarab fuqaroni cheklash mumkinmi?

Yo‘q. Fuqarolar dinga munosabatidan qat’i nazar qonun oldida teng.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham O‘zbekiston fuqarolari bilan teng ravishda vijdon va dinga e’tiqod qilish erkinligidan foydalanadi. Rasmiy hujjatlarda shaxsning dinga munosabatini ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Din va davlat o‘rtasida qanday munosabat mavjud?

O‘zbekistonda din davlatdan ajratilgan.

Davlat diniy tashkilotlarning qonunga zid bo‘lmagan faoliyatiga aralashmaydi, diniy tashkilotlar esa davlat vazifalarini bajarmaydi. Bir din yoki e’tiqodga boshqasiga nisbatan imtiyoz yoki cheklov belgilash mumkin emas.

Missionerlik va prozelitizmga qonunchilikda yo‘l qo‘yilmaydi.

Diniy ta’lim olish mumkinmi?

Har kim qonunda belgilangan tartibda diniy ta’lim muassasasida professional diniy ta’lim olish huquqiga ega.

Dunyoviy ta’lim tizimi dindan ajratilgan. Diniy ta’lim muassasalaridan tashqari oddiy ta’lim tashkilotlarining o‘quv dasturlariga diniy fanlarni kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mahalliy diniy tashkilotni kim tashkil qilishi mumkin?

Mahalliy diniy tashkilot tegishli tuman yoki shaharda doimiy yashovchi:

  • 18 yoshga to‘lgan;
  • kamida 50 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi tashabbusi bilan tashkil etiladi.

Diniy tashkilotlarning respublika bo‘yicha markaziy boshqaruv organi esa bir konfessiyaga mansub, kamida 8 ta ma’muriy-hududiy birlikda ro‘yxatdan o‘tib faoliyat ko‘rsatayotgan mahalliy diniy tashkilotlar tomonidan tashkil etiladi.

Diniy tashkilot qaerda ro‘yxatdan o‘tkaziladi?

Diniy tashkilotlar adliya organlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Markaziy boshqaruv organlari va diniy ta’lim muassasalarini Adliya vazirligi, mahalliy diniy tashkilotlarni esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari ro‘yxatdan o‘tkazadi. Davlat xizmati elektron tizim orqali ko‘rsatiladi.

Ta’sis yig‘ilishi o‘tkazilgan kundan boshlab 6 oy ichida ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida elektron murojaat yuborilishi lozim.

Eslatma: vijdon erkinligi shaxsning xohlagan dinga e’tiqod qilish huquqini ham, umuman hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqini ham bir xil himoya qiladi.

Chat