Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 89995 marta o'qildi

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi - rasmiy xabarlar, tezkor yangiliklar,  tahliliy-tanqidiy materiallar, qonun hujjatlari, foto va videoreportajlar


O‘rtacha oylik daromad qanday hisoblanadi?

Oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad — oilaning belgilangan davrdagi jami daromadini oila a’zolari soniga va hisob-kitob davridagi oylar soniga bo‘lish orqali aniqlanadigan miqdor.

Oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik jami o‘rtacha daromad:

  • oilani Ijtimoiy reestrga kiritish uchun murojaat qilingan;
  • yoki oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati qayta o‘rganilayotgan

oydan oldingi oxirgi uch oydagi barcha oila a’zolarining jami daromadini oila a’zolari soniga va uchga bo‘lish orqali hisoblanadi.

Masalan, 5 kishidan iborat oilaning oxirgi uch oydagi jami daromadi 9 000 000 so‘m bo‘lsa:

9 000 000 ÷ 5 ÷ 3 = 600 000 so‘m.

Bunda oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad 600 000 so‘mni tashkil etadi.

Oila tarkibiga kimlar kiritiladi?

Oila tarkibiga:

  • FHDYo organida nikohi qayd etilgan er-xotin yoki ulardan biri;
  • ular bilan birga yashaydigan va qaramog‘ida bo‘lgan bolalar;
  • vasiylikka yoki homiylikka olingan bolalar;
  • ota-onasi bilan birga yashaydigan, nikohi qayd etilmagan va o‘z oilasiga ega bo‘lmagan 18 yoshdan katta farzandlar kiritiladi.

Quyidagilar oila tarkibiga kiritilmaydi:

  • to‘liq davlat ta’minotidagi bolalar;
  • patronat tartibida tarbiyalash uchun oilaga qabul qilingan bolalar;
  • ota-onalik huquqidan mahrum etilgan shaxslar;
  • sud tomonidan bedarak yo‘qolgan deb topilgan shaxslar;
  • rasmiy nikohi bekor qilinmagan, ammo aliment to‘lash majburiyati belgilangan er yoki xotin.

Qaysi daromadlar hisobga olinadi?

Oilaning jami daromadiga, jumladan:

  • ish haqi va mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar;
  • mulkiy daromadlar;
  • olingan alimentlar;
  • pul o‘tkazmalari, shu jumladan chet eldan kelgan mablag‘lar;
  • haq to‘lanadigan jamoat ishlaridan olingan daromad;
  • pensiyalar, nafaqalar va boshqa moddiy to‘lovlar;
  • tadbirkorlik, o‘zini o‘zi band qilish va norasmiy bandlik bo‘yicha hisoblanadigan normativ daromadlar;
  • tomorqa va dehqon xo‘jaligidan hisoblanadigan daromad;
  • chorva mollari va parrandalardan hisoblanadigan normativ daromad;
  • qonunchilikda belgilangan boshqa daromadlar kiritiladi.

Fuqaro tomonidan to‘langan aliment summasi oilaning jami daromadidan chiqarib tashlanadi.

Ish haqi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar ushlab qolinishidan oldingi, ya’ni hisoblangan to‘liq summada inobatga olinadi.

Normativ daromad nima?

Normativ daromad — oila a’zosining rasmiy daromadi mavjud bo‘lmaganda yoki ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanganda qonunchilikda belgilangan mezonlar asosida shartli ravishda hisoblanadigan daromad.

Normativ daromad:

  • yakka tartibdagi tadbirkorlar;
  • o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar;
  • norasmiy ishlayotgan shaxslar;
  • chet elda ishlayotgan oila a’zolari;
  • tomorqa yoki dehqon xo‘jaligiga ega shaxslar;
  • chorva mollari va parrandalari mavjud bo‘lgan oilalar uchun hisoblanishi mumkin.

Daromad nima uchun hisoblanadi?

Hisoblangan o‘rtacha oylik daromad oilani:

  • «davlat ta’minotidagi oila»;
  • «kambag‘al oila»;
  • «kambag‘allik chegarasidagi oila» toifalaridan biriga kiritishda asosiy mezonlardan biri hisoblanadi.

Daromad miqdori oilani reestrga kiritishdagi yagona mezon emas. Oilaning mol-mulki, transport vositalari, bandlik holati va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari ham o‘rganiladi.

Chat