Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 28620 marta o'qildi

Fraktsiya nima?

Fraktsiya — siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlar tomonidan shu partiya manfaatlarini Qonunchilik palatasida ifodalash maqsadida tuziladigan va belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladigan deputatlar birlashmasi.

Fraktsiyalar siyosiy partiyalardan saylangan deputatlarning ta’sis yig‘ilishlarida tuziladi va Qonunchilik palatasi tomonidan ro‘yxatga olinadi.

Fraktsiya tuzish uchun nechta deputat kerak?

Qonunchilik palatasining kamida 5 nafar deputati fraktsiya tuzish huquqiga ega.

Deputat bir vaqtning o‘zida faqat bitta fraktsiyaga a’zo bo‘lishi mumkin. Siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan va Qonunchilik palatasiga saylangan deputat faqat o‘zi saylangan shu siyosiy partiya fraktsiyasining a’zosi bo‘lishi kerak.

Fraktsiyalar nima bilan shug‘ullanadi?

Fraktsiyalar Qonunchilik palatasida o‘z siyosiy partiyasining pozitsiyasini ifoda etadi. Ular, jumladan:

  • palata majlisi kun tartibi va muhokama qilinayotgan masalalar bo‘yicha takliflar kiritadi;
  • qonun loyihalari va boshqa qarorlar yuzasidan o‘z takliflarini beradi;
  • palata majlislarida muhokama qilinayotgan masalalar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildiradi;
  • qo‘mitalar va komissiyalar ishida ishtirok etadi;
  • mansabdor shaxslarni eshitish va ulardan axborot olish masalasini qo‘yishi mumkin;
  • qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa parlament vakolatlarini amalga oshiradi.

Parlamentdagi ko‘pchilik qanday shakllanadi?

Qonunchilik palatasida ko‘pchilik o‘rinni egallagan fraktsiya parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etadi.

Dasturiy maqsadlari yaqin yoki mos bo‘lgan bir nechta fraktsiya blokka birlashib ham parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etishi mumkin. Bunday birlashish har bir fraktsiyaning qonunda belgilangan huquqlarini mustaqil amalga oshirishini cheklamaydi.

Parlamentdagi muxolifat nima?

Yangidan shakllantirilgan Hukumatning tutgan yo‘li va dasturiga yoki uning ayrim yo‘nalishlariga qo‘shilmaydigan fraktsiya o‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilishi mumkin.

Muxolifatdagi fraktsiya umumiy fraktsiya huquqlaridan tashqari qo‘shimcha kafolatlarga ega. Jumladan, uning vakillari uchun Qonunchilik palatasida 1 nafar qo‘mita raisi va 2 nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimi kafolatlanadi, shuningdek u qonun loyihalarining muqobil tahrirlarini kiritish huquqiga ega.

Chat