Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 15528 marta o'qildi

Strategiyaning maqomi

2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 28-maydagi SQ-297-IV-son qarori bilan tasdiqlangan.

Strategiya xotin-qizlar va erkaklar uchun jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli davlat siyosati hujjatidir.

Muhim: Strategiya faqat xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash dasturi emas. U xotin-qizlar va erkaklarning huquqlari, resurslardan foydalanishi, qarorlar qabul qilishdagi ishtiroki va rivojlanish imkoniyatlarida haqiqiy tenglikka erishishni nazarda tutadi.

Strategiyaning asosiy yo‘nalishlari

Strategiya quyidagi sohalarni qamrab oladi:

  • saylov huquqlarini amalga oshirish va siyosiy jarayonlarda ishtirok etish;
  • davlat xizmati va rahbarlik lavozimlarida teng imkoniyatlar;
  • ta’lim, ilm-fan, sport va sog‘liqni saqlash;
  • bandlik, tadbirkorlik, mulk va moliyaviy resurslardan foydalanish;
  • tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish;
  • oilaviy munosabatlar va bolalar tarbiyasi;
  • gender jihatlarni hisobga olgan holda byudjetlashtirish;
  • ishonchli gender statistikasini yuritish.

Strategiyada bevosita va bilvosita kamsitishni bartaraf etish, gender stereotiplarini kamaytirish, xotin-qizlarning rahbarlik va qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini oshirish hamda teng mehnat sharoitlarini yaratish vazifalari belgilangan.

2026-yilda amalga oshiriladigan choralar

Strategiya har yili tasdiqlanadigan alohida dasturlar asosida amalga oshiriladi. Senatning 2026-yil 6-fevraldagi SQ-245-V-son qarori bilan 2026-yil uchun kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan.

Unda, jumladan:

  • ish joyidagi zo‘ravonlik va shahvoniy shilqimlikka qarshi choralarni takomillashtirish;
  • davlat xaridlariga gender tenglik talablarini integratsiya qilish;
  • raqamli zo‘ravonlikka qarshi chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish;
  • xotin-qizlarning rahbarlik va siyosiy jarayonlardagi ishtirokini oshirish;
  • korxonalarda ishga qabul qilish va lavozimga tayinlashda teng imkoniyatlarni ta’minlash;
  • genderga oid audit va statistika tizimini rivojlantirish nazarda tutilgan.

Amalga oshirilishini nazorat qilish

Dasturning bajarilishi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi har chorakda Senatga tahliliy axborot taqdim etadi. Yil yakuni bo‘yicha esa natijalar, mavjud muammolar va keyingi yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi loyihasi kiritiladi.

Chat