Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash borasidagi vazifalar
6184 marta o'qildi
Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
davlat organlari va tashkilotlarida xotin-qizlarning iqtisodiy va moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tarmoq gender strategiyalari va harakatlar dasturlari ishlab chiqilishini qo‘llab-quvvatlash;
mamlakatda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, xotin-qizlarning kredit olishga, er va mulkka egalik qilishga bo‘lgan imkoniyatlarini kengaytirish;
iqtisodiyot va pul-kredit siyosatining turli yo‘nalishlarida, shuningdek baliqchilik, o‘rmon, qishloq, fermer va dehqon xo‘jaliklarining rahbarlik lavozimlarida ishlaydigan xotin-qizlar sonini oshirish;
xotin-qizlar masalalari bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlari salohiyatini kuchaytirish, gender siyosatini amalga oshirishda ular ishtirokini qo‘llab-quvvatlash;
qishloq joylarida xotin-qizlar uchun munosib ish o‘rinlarini yaratish, bir turdagi mehnat uchun xotin-qizlar va erkaklarning mehnatiga teng haq to‘lash, ishsiz xotin-qizlarni o‘zini o‘zi band qilish orqali bandligini ta’minlash yuzasidan zarur choralar ko‘rish;
kambag‘al va ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda ishga joylashtirilmagan xotin-qizlarni, ayniqsa, chegara (yoki anklav), chekka va borish qiyin bo‘lgan olis (tog‘li, cho‘lli) hududlardagi xotin-qizlarni hisobga olish, ularning bandligini ta’minlash va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘lamini kengaytirish;
o‘rta va o‘rta maxsus ma’lumotga ega xotin-qizlar va erkaklar uchun mehnat bozorida munosib ish o‘rinlarining hamda kafolatlangan mehnat sharoitlarining yaratilishini qo‘llab-quvvatlash;
o‘zini o‘zi band qilgan xotin-qizlar va erkaklarni qo‘llab-quvvatlash, bunday shaxslar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat turlarini kengaytirish, aholining o‘zini o‘zi band qilishga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish;
xotin-qizlar uchun mehnat faoliyatini, jamiyat hayotidagi ishtirokini oilaviy majburiyatlar bilan birga olib borish, shu jumladan mehnat qilish imkoniyatini beradigan, bolalarni parvarishlash muassasalari tarmog‘ini tashkil etish va kengaytirish orqali sharoitlar yaratish;
odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida strategik maqsadlarga asoslangan milliy harakatlar dasturlarining ishlab chiqilishini qo‘llab-quvvatlash;
gender jihatlarni hisobga olgan holda mehnat migratsiyasi, odam savdosidan jabr ko‘rgan hamda jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan fuqarolarni ish bilan ta’minlash, ularning ijtimoiy reabilitatsiyasiga ko‘maklashish;
mehnat migrantlarining o‘z huquqlari to‘g‘risidagi xabardorlik darajasini oshirish, chet elda ishlayotgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish xizmatlarini tashkil qilish;
milliy va xorijiy mamlakatlarning maxsus vakolatli davlat organlari o‘rtasida o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish orqali chet eldagi mehnat migrantlari va ularning oila a’zolariga yashash va mehnat qilish uchun munosib sharoitlarni yaratish, shu jumladan ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;
jinslar bo‘yicha mehnat migratsiyasi va odam savdosi bo‘yicha idoralararo statistikaning shakllantirilishini qo‘llab-quvvatlash;
tashqi va ichki migratsiya, uning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga ta’sirini kompleks tahlil qilish, bu boradagi qonun hujjatlarini takomillashtirish;
gender jihatlarni hisobga olgan holda iqlim o‘zgarishi ta’sirining oldini olish bo‘yicha milliy strategiyalar va dasturlarning qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlash;
qishloq xo‘jaligi sektorida band bo‘lgan xotin-qizlar va erkaklarning malakasini oshirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlash, ekologik jihatdan xavfsiz zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish.