Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 19818 marta o'qildi

BOSQIChLAR:
I. Tijorat tashkilotini ixtiyoriy tugatish to‘g‘risidagi qaror uning muassislari (qatnashchilari), vakillari yoki vakolatli organ tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qabul qilinadi.

Qarorda quyidagilar ko‘rsatiladi
  • tugatilayotgan tadbirkorlik sub’ekti to‘g‘risidagi ma’lumotlar (to‘liq va qisqartirilgan nomi, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, pochta manzili);
  • tugatuvchi haqidagi ma’lumotlar (pasport ma’lumotlari, telefon raqami va elektron pochta manzili);
  • tugatilayotgan tadbirkorlik sub’ekti bo‘yicha murojaatlarni qabul qilish joyi va muddati;
  • tadbirkorlik sub’ektini tugatish sababi va mo‘ljallanayotgan tugatish muddati.

II. Tugatuvchi tayinlanadi.

  • Uch ish kuni mobaynida – tijorat tashkiloti faoliyati bilan bog‘liq barcha hujjatlarni, shuningdek, tijorat tashkilotining muhri, shtamplari (agar mavjud bo‘lsa) va boshqa mol-mulkini ro‘yxat bo‘yicha topshiradi.

Tugatuvchi
  • ixtiyoriy tugatishni amalga oshiradi va tijorat tashkilotining kreditorlari, muassislari (qatnashchilari) hamda boshqa tegishli shaxslar manfaatlariga rioya etilishini ta’minlaydi;
  • tijorat tashkiloti qarzdor sifatida ishtirok etgan ijro hujjatlarining ijrosini ta’minlaydi;
  • ishonchnomasiz tijorat tashkiloti nomidan vakillik qiladi, tijorat tashkilotining moliyaviy, hisob-kitoblar va boshqa hujjatlarini imzolaydi;
  • tijorat tashkilotining barcha mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan buyruqlar, farmoyishlar va boshqa hujjatlar chiqaradi.

II. Tugatuvchi ixtiyoriy tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyingi ish kunidan kechikmay
  • ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga ― ixtiyoriy tugatish to‘g‘risidagi qaror nusxasini;
  • tijorat tashkilotining talab qilib olinadigan asosiy depozit hisobvarag‘iga, xizmat ko‘rsatuvchi bankka va xorijiy valyutadagi mablag‘lari jamlanadigan bankka: ixtiyoriy tugatish to‘g‘risidagi qaror nusxasini; imzolar namunalari va tugatuvchi muhrining bosma izi qo‘yilgan kartochkalarning ikki nusxasini;
  • tijorat tashkilotining milliy valyutadagi ikkilamchi depozit hisobvaraqlariga, jamg‘arma depozit hisobvaraqlariga va muddatli depozit hisobvaraqlariga xizmat ko‘rsatuvchi banklarga – ularni yopish hamda mablag‘larning mavjud qoldiqlarini uning milliy valyutadagi asosiy hisobvarag‘iga o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza-topshiriqnomani;
  • tijorat tashkilotining xorijiy valyutadagi talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari, jamg‘arma va muddatli depozit hisobvaraqlari ochilgan banklarga – ularni yopish hamda mablag‘larning mavjud qoldiqlarini uning depozit hisobvaraqlariga, milliy valyutadagi asosiy hisobvarag‘i ochilgan joyda ochilgan xorijiy valyutadagi talab qilib olinadigan depozit hisobvarag‘iga o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza-topshiriqnomani jo‘natadi.

III. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tugatish to‘g‘risida qaror tushgandan so‘ng bir ish kuni ichida
  • tijorat tashkiloti ixtiyoriy tugatish jarayonida ekanligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni davlat reestriga kiritadi hamda bu to‘g‘risida Tizim orqali vakolatli organlarni xabardor qiladi;
  • ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning rasmiy saytiga tijorat tashkiloti tugatilayotganligi to‘g‘risida barcha uchun erkin foydalanish imkoni bo‘lgan e’lonni joylashtiradi.

IV. Tugatuvchi ixtiyoriy tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyin
  • qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tijorat tashkiloti xodimlari bilan mehnatga oid huquqiy munosabatlarni to‘xtatish chora-tadbirlarini ko‘radi;
  • tijorat tashkilotining aktivlari va majburiyatlarini xatlovdan o‘tkazadi, shu jumladan, tijorat tashkiloti qarzdor sifatida ishtirok etgan ijro hujjatlari reestrini tuzadi;
  • yil boshidan boshlab ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tijorat tashkilotini ixtiyoriy tugatish to‘g‘risida xabardor qilingan sanagacha bo‘lgan davrda tijorat tashkiloti tomonidan to‘lanadigan barcha turdagi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha hisob-kitoblarni tuzadi;
  • tijorat tashkilotining debitorlik qarzlarini olish, shuningdek, tasdiqnoma olgan holda (qabul qilib olingan sanasi to‘g‘risidagi belgi, pochta kvitantsiyasi, yozma yoki elektron xabar va shu kabilar) kreditorlarni aniqlash va tijorat tashkilotining tugatilishi to‘g‘risida ularni yozma ravishda xabardor qilish chora-tadbirlarini ko‘radi.

V. Byuroning tuman (shahar) bo‘limi  o‘n kundan kechiktirmay ish yuritishda ijro hujjati mavjudligini aniqlaydi. Tegishli ijro hujjati mavjud bo‘lgan taqdirda, davlat ijrochisi ijro ishini tugallaydi va  ijro hujjatini tugatuvchiga yuboradi.

  • Davlat soliq xizmati organi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ uch ish kuni mobaynida tijorat tashkilotining moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishga (taftish qilishga) kirishadi, uning muddati o‘ttiz kalendarь kundan oshmasligi kerak.

VI. Tugatuvchi quyidagi harakatlarni amalga oshirilganidan so‘ng tugatish balansi loyihasini tuzadi
  • kreditorlar bilan hisob-kitoblar tugallangandan so‘ng, shuningdek, tijorat tashkiloti qarzdor sifatida ishtirok etgan ijro hujjatlari amalda ijro etish;
  • soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar, moliyaviy jarimalar summasi, shu jumladan, tekshirishlar yakunlari bo‘yicha hisoblangan summalar to‘lash;
  • tijorat tashkilotining mol-mulki mulkka egalik qilish yuzasidan buyumlar bo‘yicha huquqlarga yoki ushbu tijorat tashkilotiga nisbatan majburiyatlar bo‘yicha huquqlarga ega bo‘lgan muassislar (qatnashchilar) o‘rtasida taqsimlash.

VII. Tugatish balansi ta’sischilar tomonidan imzolanganidan so‘ng, davlat soliq xizmati va Byuroga yuboriladi.

VIII. Tugatuvchi tijorat tashkilotining asosiy hisobvarag‘i ochilgan bankka uni yopish to‘g‘risida murojaat qiladi.

IX. Tugatuvchi asosiy hisobvaraqi yopilgandan keyin uch ish kuni mobaynida davlat arxiviga tijorat tashkilotining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan barcha buxgalteriya va boshqa hujjatlarini topshiradi.

X. Tugatuvchi tijorat tashkilotini davlat reestridan chiqarish uchun ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga quyidagilarni taqdim etadi
  • tijorat tashkilotining barcha hisobvaraqlari yopilganligi to‘g‘risida xizmat ko‘rsatuvchi banklarning ma’lumotnomalari;
  • tijorat tashkilotining muhr va shtamplari (agar mavjud bo‘lsa);
  • vakolatli organ tomonidan chiqarilgan qimmatli qog‘ozlarni bekor qilish to‘g‘risidagi ma’lumotnoma (agar mavjud bo‘lsa);
  • tijorat tashkiloti hujjatlarining davlat arxiviga topshirilganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma.

XI. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ qarorni qabul qilingan kundan keyin bir ish kuni mobaynida qarorni tugatuvchiga beradi.

XII. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ davlat reestriga tijorat tashkiloti tugatilganligi to‘g‘risidagi yozuvlar kiritilgandan keyin uch ish kuni ichida
  • tijorat tashkiloti tugatilganligi to‘g‘risida davlat soliq xizmati va statistika organlarini Tizim orqali xabardor qiladi;
  • tugatilgan tijorat tashkilotining muhr va shtamplarini (agar mavjud bo‘lsa) belgilangan tartibda yo‘q qilish choralarini ko‘radi;
  • tijorat tashkilotiga berilgan litsenziya va ruxsatnomalarni (agar mavjud bo‘lsa) ularni bergan organlarga topshiradi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Xalq bankining tijorat tashkiloti joylashgan joydagi filialini tijorat tashkiloti tugatilganligi to‘g‘risida xabardor qiladi.

Chat