Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 17233 marta o'qildi

NNT faoliyati qachon to‘xtatib qo‘yilishi mumkin?

NNT O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yoki qonunchilik talablarini buzsa, uning faoliyati sud qarori bilan to‘xtatib qo‘yilishi mumkin.

Agar NNT qonunchilikni buzsa yoki ustavida belgilangan maqsadlarga zid harakat qilsa, prokuratura yoki adliya organlari tashkilotning rahbar organiga qoidabuzarlik haqida taqdimnoma kiritib, uni bartaraf etish uchun muddat belgilaydi.

Qoidabuzarlik belgilangan muddatda bartaraf etilmasa, prokuratura yoki adliya organining taqdimnomasi asosida sud NNT faoliyatini 6 oygacha to‘xtatib qo‘yishi mumkin.

Eslatma: prokuratura yoki adliya organi NNT faoliyatini mustaqil ravishda 6 oyga to‘xtatmaydi — bunday chora sud qarori bilan qo‘llaniladi.

Faoliyat to‘xtatib qo‘yilganda qanday cheklovlar amal qiladi?

Sud belgilagan muddat davomida NNTning:

  • ommaviy axborot vositasi muassisi sifatidagi huquqlari to‘xtatiladi;
  • ommaviy tadbirlar tashkil etishi taqiqlanadi;
  • bank omonatlaridan foydalanishi cheklanadi.

Bunda xo‘jalik faoliyati, mehnat shartnomalari, etkazilgan zararni qoplash va jarimalarni to‘lash bilan bog‘liq zarur xarajatlarga nisbatan qonunda istisno nazarda tutilgan.

Qoidabuzarlik bartaraf etilsa nima bo‘ladi?

Agar tashkilot sud belgilagan to‘xtatib turish muddati davomida qoidabuzarlikni bartaraf etsa, belgilangan muddat tugagach o‘z faoliyatini qayta boshlashi mumkin.

Agar qoidabuzarlik bartaraf etilmasa, NNT faoliyatini to‘xtatib qo‘yish haqida sudga taqdimnoma kiritgan organ tashkilotni tugatish to‘g‘risida sudga murojaat qilishi mumkin.

NNT qanday tugatiladi?

NNT:

  • uning yuqori organi qarori bilan;
  • yoki sud tartibida tugatilishi mumkin.

NNTning muassislari, qatnashchilari (a’zolari) yoki uni tugatish haqida qaror qabul qilgan organ ro‘yxatdan o‘tkazuvchi adliya organi bilan kelishgan holda tugatish komissiyasini tayinlaydi.

Keyingi tugatish jarayoni qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Chat