Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 10318 marta o'qildi

Xotin-qizlarning fan va ta’lim sohasida davlat tomonidan teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari qanday?

Davlat ta’lim olish huquqini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklarga teng imkoniyatlar yaratilishini ta’minlaydi.
Davlat quyidagilarni kafolatlaydi:

  • xotin-qizlar va erkaklarning ta’lim olish, qayta tayyorlash va malaka oshirishning barcha turlaridan foydalanishga, ta’lim va ilmiy jarayonni amalga oshirishda ishtirok etishga hamda madaniyatdan, madaniy qadriyatlar va merosdan foydalanishga doir teng huquq va imkoniyatlarini;
  • turli ta’lim dasturlariga gender mavzusini joriy etish orqali fuqarolarning genderga oid ma’rifatini oshirishga ko‘maklashishni;
  • jinslardan birining ustunligi g‘oyasiga asoslangan noto‘g‘ri tasavvurlardan xoli o‘quv adabiyotlarini tayyorlash va chop etishni;
  • o‘quv dasturlari va darsliklarni jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik printsipiga muvofiqlik yuzasidan muntazam ravishda monitoring qilishni;
  • gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan axborot-ma’rifiy tadbirlarni rag‘batlantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni.

Ta’lim sohasidagi vakolatli organ ta’lim dasturlarini, ta’lim muassasalarining dasturlarini hamda rejalarini ularning xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash printsiplariga muvofiqligi jihatidan ekspertizadan o‘tkazishni ta’minlaydi.
Oliy ta’lim muassasalarining ta’lim dasturlari va malaka oshirish kurslari xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha kursni o‘z ichiga olishi kerak.

Men tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘ldim va kredit olish uchun bankka murojaat qildim, lekin men qilmoqchi bo‘lgan biznesim ayollardan ko‘ra erkaklarga ko‘proq mos keladi degan mazmunda rad javobini berishdi, bu qonuniymi?

Yo‘q, albatta bu qonuniy emas. Davlat organlari va mulk shaklidan qat’i nazar tashkilotlar rahbarlari jamiyatning iqtisodiy resurslaridan, shu jumladan ko‘char va ko‘chmas mol-mulk, er, moliyaviy aktivlar, kreditlar, ijtimoiy jamg‘armalardan, shuningdek tadbirkorlik faoliyatining erkin tanlangan turlaridan xotin-qizlar va erkaklarning teng foydalanishini ta’minlashi shart.
Davlat xotin-qizlar va erkaklarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlaydi.

Men erkak va ayollarning huquqlari hamma narsada teng ekanligini va bu O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilganligini bilaman, shu munosabat bilan bir savolim bor, xotin-qizlar xar qanday ishda ishlashi mumkinmi?

Xotin-qizlarga nisbatan davlatning g‘amxo‘rligini inobatga olgan xolda, mehnat sharoiti noqulay ishlarda, shuningdek er osti ishlarida ayollar mehnatini qo‘llanish taqiqlanadi, er ostidagi ba’zi ishlar (jismoniy bo‘lmagan ishlar yoki sanitariya va maishiy xizmat ko‘rsatish ishlari) bundan mustasnodir.
Ayollarning ular uchun mumkin bo‘lgan normadan ortiq yukni ko‘tarishlari va tashishlari man etiladi.
Ayollar mehnatini qo‘llanish taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay ishlarning ro‘yxati hamda ular ko‘tarishlari va tashishlari mumkin bo‘lgan yuk normalarining chegarasini O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi va ish beruvchilarning vakillari maslahatini olgan holda tasdiqlaydi.

 

Chat