Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 4486 marta o'qildi

Qanday asosda va tartibda takroran saylov o‘tkaziladi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tmagan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, shuningdek, agar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida bitta nomzod ishtirok etgan bo‘lsa va u zarur miqdorda ovoz to‘play olmagan bo‘lsa, Markaziy saylov komissiyasi takroriy saylov tayinlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining takroriy saylovi ham Saylov Kodeksida asosiy saylovni o‘tkazish uchun belgilangan ayni tartibda va ayni shartlarga rioya etgan holda o‘tkaziladi. Bunda okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatida saylov to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi aniqlangan taqdirda, Markaziy saylov komissiyasi saylov yangi tarkibdagi okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan o‘tkazilishi zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Ovoz berish asosiy saylovni o‘tkazish uchun tuzilgan o‘sha saylov uchastkalarida va saylovchilarning o‘sha ro‘yxatlari bo‘yicha o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining takroriy saylovi asosiy saylov o‘tkazilganidan keyin qirq kun ichida o‘tkaziladi.
Qonunchilik palatasi deputatlarining va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi quyidagi hollarda o‘tkaziladi:

  • agar saylov okrugi bo‘yicha saylov o‘tmagan yoxud haqiqiy emas deb topilgan bo‘lsa;
  • agar takroriy ovoz berish saylangan deputatni aniqlash imkonini bermagan bo‘lsa;
  • agar saylov okrugi bo‘yicha ko‘pi bilan ikki nomzod qo‘yilgan bo‘lsa va ulardan hech biri saylanmagan bo‘lsa.

Qonunchilik palatasi deputatlarining va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi tegishli saylov komissiyasining topshirig‘iga binoan okrug saylov komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi. Bunda okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatida saylov to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi aniqlangan taqdirda, tegishli saylov komissiyasi takroriy saylov yangi tarkibdagi okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan o‘tkazilishi zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Ovoz berish asosiy saylovni o‘tkazish uchun tuzilgan o‘sha saylov uchastkalarida va saylovchilarning o‘sha ro‘yxatlari bo‘yicha o‘tkaziladi.
Qonunchilik palatasi deputatlarining va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi asosiy saylovdan keyin kechi bilan bir oylik muddat ichida o‘tkaziladi. Saylov komissiyalarini tuzish, nomzodlarni ro‘yxatga olish va boshqa tadbirlar Saylov Kodeksida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Siyosiy partiyalar va fraksiyalarning farqi nimada yoki bu sinonim so‘zlarmi?

Yo‘q, bu sinonim so‘zlar emas. Siyosiy partiya O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining qarashlar, manfaatlar va maqsadlar mushtarakligi asosida tuzilgan, davlat hokimiyati organlarini shakllantirishda jamiyat muayyan qismining siyosiy irodasini ro‘yobga chiqarishga intiluvchi hamda o‘z vakillari orqali davlat va jamoat ishlarini idora etishda qatnashuvchi ko‘ngilli birlashmasidir. Fraktsiya esa qonunchilik palatasida o‘z manfaatlarini ifoda etish maqsadida siyosiy partiya tomonidan ko‘rsatilgan deputatlar tomonidan tuzilgan va belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan deputatlik birlashmasi.

Siyosiy partiya ochish uchun nima qilishim kerak?

Siyosiy partiyani tuzish uchun kamida sakkizta hududiy sub’ektda (viloyatda), shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan hamda partiyaga birlashish istagida bo‘lgan kamida yigirma ming fuqaroning imzosi bo‘lishi talab etiladi.
Siyosiy partiya tuzish tashabbuskorlari kamida ellik kishidan iborat bo‘lishi, ular partiya ta’sis hujjatlarini tayyorlash, a’zolar tarkibini shakllantirish hamda ta’sis s’ezdi yoki konferentsiyasini chaqirish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitani tuzishlari lozim.
Tashkiliy qo‘mita o‘zi tuzilgan kundan boshlab etti kunlik muddatdan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga o‘z tashabbusi, qo‘mitaning tarkibi, rahbari (etakchisi), joylashgan manzili hamda ta’sis s’ezdi yoki konferentsiyasi chaqiriladigan sanani yozma ravishda xabar qilishi lozim.
Tashkiliy qo‘mita tuzilgan kundan boshlab uzog‘i bilan uch oy faoliyat ko‘rsatish huquqiga egadir.
Siyosiy partiya ta’sis s’ezdida yoki konferentsiyasida tuziladi.
Ta’sis s’ezdi yoki konferentsiyasi partiya ustavi va dasturini qabul qiladi, uning saylab qo‘yiladigan organlarini tuzadi.

Men Toshkent shahrida yashayman, lekin propiskam Samarqand shahrida. Yaqinda deputatlar saylovi boshlanadi, shu sababli so‘ramoqchi edim, men Toshkent va Samarqand shahrida ya’ni 2 ta joyda ovoz bera olamanmi?

Saylov kodeksining 5-moddasiga ko‘ra, saylovda ishtirok etuvchi har bir fuqaro bir ovozga ega bo‘ladi. 

Chat