Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 8510 marta o'qildi

Kimlar vatandosh hisoblanadi?
  • O‘zbekiston hududidan tashqarida doimo istiqomat qiladigan yoki ta’lim olish, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish, oilaviy sabablar va boshqa sharoitlardan kelib chiqib vaqtinchalik chet elda yurgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
  • xorijga chiqqan va chet el fuqaroligini olgan, Vataniga ma’naviy va madaniy nuqtai nazardan mansublikni his qilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi bilan madaniy-gumanitar, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa aloqalarni rivojlantirishga harakat qilayotgan O‘zbekistondan chiqib ketgan shaxslar va ularning avlodlari;
  • etnik, til va madaniy-tarixiy nuqtai nazardan o‘zini o‘zbeklar yoki qoraqalpoqlar sifatida identifikatsiya qilgan hamda O‘zbekiston bilan har tomonlama aloqada bo‘lish xohishida bo‘lgan xorijda istiqomat qilayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining vatandoshlar bilan hamkorlik sohasidagi davlat siyosatining asosiy maqsadlari nimalardan iborat?

O‘zbekiston Respublikasining vatandoshlar bilan hamkorlik sohasidagi davlat siyosatining asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

  1. xalqaro huquqning umume’tirof etilgan printsiplari va normalari, istiqomat qilayotgan mamlakatning qonunlari va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida chet ellardagi vatandoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda yordam ko‘rsatish;
  2. O‘zbekiston madaniy, ilmiy va ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish, uni dunyoda o‘rganish va ommalashtirish, istiqomat qilayotgan mamlakatlarida o‘zbek tilini, madaniyatini va an’analarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan vatandoshlarimizning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning O‘zbekistonda ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish;
  3. O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga va uning xorijiy mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli va do‘stona munosabatlarini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishni istagan vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash;
  4. O‘zbekiston hududida vatandoshlarning kasbiy, shu jumladan, tadbirkorlik, sarmoyadorlik, ilmiy, ma’rifiy va madaniy faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy shart-sharoitlar yaratish;
  5. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro obro‘-e’tiborini yanada mustahkamlashga vatandoshlar salohiyatini jalb qilish.

Xorijda yashovchi vatandoshlar bilan hamkorlik qilish kontseptsiyasi tushunchasi nima?

Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati Kontseptsiyasi, davlatning mazkur yo‘nalishdagi siyosatining printsiplari, maqsadlari, asosiy jabhalari va mexanizmlarini namoyon etadigan qarashlarning yagona tizimidir.

O‘zbekiston Respublikasining vatandoshlar bilan hamkorligining asosiy yo‘nalishlari nimadan iborat?

O‘zbekiston Respublikasining vatandoshlar bilan hamkorligining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardir:

  • ilmiy, ta’lim, tibbiyot, madaniy-ma’rifiy, sport va boshqa sohalardagi loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi uchun yosh kadrlar va mutaxassislarni tayyorlashga vatandoshlarning salohiyatini jalb etish;
  • vatandoshlarning ta’lim olish va kasbiy mahoratlarini oshirish, shuningdek, ularning o‘z tarixiy Vatanining ilmiy, madaniy va ijtimoiy hayotida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish;
  • doimiy istiqomat qilayotgan mamlakatlarda o‘zbek tili, madaniyati va urf-odatlarini o‘rganish, asrash va yosh avlodlarga etkazishda vatandoshlar va ularning tashkilotlariga keng ko‘lamli yordam ko‘rsatish;
  • xorijiy davlatlardagi yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyatini yanada to‘liqroq yoritish va ularni O‘zbekiston haqidagi tegishli axborot bilan ta’minlash maqsadida ommaviy axborot vositalari sohasidagi hamda axborot almashinuvi borasidagi hamkorlikni kengaytirish;
  • chet elda tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan doimiy aloqani o‘rnatish va ushlab turish, ularning O‘zbekiston hududida ish bilan ta’minlashiga zaruriy yordam ko‘rsatish.

Vatandoshlarga nisbatan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘bat choralari mavjudmi?

Vatandoshlar bilan hamkorlikning darajasi va shaklidan kelib chiqqan holda, ularga O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi asosida davlat tomonidan quyidagi qo‘llab-quvvatlash va rag‘bat choralari ko‘rilishi belgilangan:

  • kirish vizalarini, shu jumladan, ko‘p marotabali va uzoq muddatli vizalarni soddalashtirilgan holda rasmiylashtirish, vaqtinchalik yashashga hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsatnoma berish;
  • yuqori malakali kadrlarni O‘zbekistonda zarur bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha ishga olish;
  • ijtimoiy va maishiy masalalarni hal qilishga yordam berish;
  • davlat tasarrufidagi bo‘sh turgan ob’ektlarni va er maydonlarini vatandoshlarga tadbirkorlik, ilmiy-tadqiqot, ma’rifiy, innovatsion va boshqa dastur hamda loyihalarni amalga oshirish uchun ajratib berish;
  • vatandoshlarning o‘qishi, ishi va boshqa ijtimoiy masalalarini to‘liq (qisman) moliyalashtirish;
  • vatandoshlar orasida yuqori malakali mutaxassislarni davlat va xo‘jalik boshqaruvi, joylardagi ijro hokimiyati organlari va O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlat tashkilotlariga rahbarlik lavozimlariga, shuningdek, ushbu tashkilotlar rahbarlarining konsulьtanti (maslahatchisi) sifatida jalb qilish;
  • O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ko‘zda tutilgan soddalashtirilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini berish;
  • vatandoshlar — xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasining Oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyoti, tarix, kino, madaniyat, teatr san’ati, televidenie va radio yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olishlari uchun grantlar ajratish;
  • vatandoshlarning ommaviy axborot vositalarini O‘zbekiston Respublikasi hududida akkreditatsiyadan o‘tishini soddalashtirish;
  • O‘zbekiston Respublikasini rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan vatandoshlarni davlat mukofotlari va faxriy unvonlar bilan taqdirlash.

Chat