Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 14868 marta o'qildi

Qaysi tashkilot nogironlarga ijtimoiy yordam beradi? 

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy yordam:

  • mahalliy davlat hokimiyati organlari; 
  • sog‘liqni saqlash;
  • xalq ta’limi organlari;
  • boshqa davlat organlari tomonidan tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining xulosalari asosida ko‘rsatiladi.

Fuqaro qanday qilib nogiron deb topiladi?

Fuqaroni nogironligi bo‘lgan shaxs deb topishtibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan, o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogironligi bo‘lgan shaxs deb topish esa — pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Shaxs tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga davlat tibbiyot muassasasi tomonidan yuboriladi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tibbiyot tashkilotlari nogironligi belgilari aniq ko‘rinib turgan shaxslarni klinik-funktsional ma’lumotlarni olishga doir qo‘shimcha tekshiruvlarni o‘tkazmasdan turib, tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga yuborishga haqli.
Agar shaxs sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga borish imkoniga ega bo‘lmasa va bu tibbiyot muassasasining xulosasi bilan tasdiqlansa, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza uyda yoki shaxs davolanishda bo‘lgan statsionarda o‘tkazilishi mumkin.
Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining majlislarida mahalliy mehnat organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, kasaba uyushmalarining, sug‘urta tashkilotlarining va boshqa tashkilotlarning vakillari, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari vakillari ishtirok etishi mumkin.
Tekshiruvdan o‘tkazish tibbiy hujjatlar qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kalendarь kundan kechiktirmay tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan o‘tkaziladi. Tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o‘tish uchun yuborilgan shaxs tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan tekshiruvdan o‘tkazish kuni to‘g‘risida tibbiy hujjatlar qabul qilingan kundan e’tiboran ikki ish kuni ichida xabardor qilinadi. Nogironlik aniqlangan taqdirda, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan hujjatlar qabul qilingan sanadan boshlab fuqaro nogironligi bo‘lgan shaxs deb e’tirof etiladi.
Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza natijalari bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilgan fuqaroga — nogironlik guruhi, uning belgilanish sababi va muddatlari, o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalarga esa qayta tekshiruvdan o‘tish muddati bilan — «Nogironligi bo‘lgan bolalar» toifasi belgilanadi.
Qayta tekshiruvdan o‘tkazish muddati ko‘rsatilmaydigan nogironlik inson a’zolari funktsiyalarining hamda organizmi tizimlarining barqaror, asliga qaytarib bo‘lmas tarzdagi morfologik o‘zgarishlari va buzilishlari mavjud bo‘lgan, amalga oshirilgan reabilitatsiya tadbirlarining samarasizligi oqibatida kasallikning kechishi va sog‘liqning tiklanishini, ijtimoiy moslashuvni yaxshilash mumkin bo‘lmagan taqdirda, belgilangan tartibda tasdiqlangan kasalliklar va anatomik nuqsonlar ro‘yxatiga muvofiq belgilanadi.
Ko‘rsatilgan muddatlardan oldin qayta tekshiruvdan o‘tkazish sog‘liqning holati va hayot faoliyatining cheklanganlik darajasi o‘zgarganda yoki tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari asoslanmagan qaror qabul qilganligi faktlari aniqlanganda yoxud yuqori turuvchi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan nazorat vazifasi bajarilganda amalga oshiriladi.
Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari zarur uskunalar bilan jihozlangan davlat tibbiyot muassasalariga bepul tekshiruvlar o‘tkazish uchun biriktirib qo‘yiladi.
Davlat boshqaruvi organlari va boshqa davlat tashkilotlari nogironlikning yuzaga kelishiga ta’sir etuvchi omillar hamda shart-sharoitlarni o‘rganish maqsadida nogironlikka olib keluvchi kasalliklar yuzaga kelishining ishlab chiqarish, ijtimoiy, ekologik va boshqa sabablarini tahlil qilishni o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradi.
Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari nogironligi bo‘lgan shaxslarning ma’lumotlar bazasini shakllantirish, nogironlikni hisobga olish va nogironlik tuzilmasini tahlil qilish maqsadida nogironligi bo‘lgan shaxslarning (bolalarning) shaxsiy yig‘majildlarini yuritadi.
Nogironlikni belgilash mezonlari va mexanizmlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Yolg‘iz nogironlar uchun davlat tomonidan qanday imtiyozlar mavjud?

O‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish qobiliyatini qisman yoki to‘liq yo‘qotgan va doimiy tashqi parvarishga muhtoj bo‘lgan bunday nogironlarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uyda va ixtisoslashtirilgan statsionar muassasalarda xizmat ko‘rsatish xizmatlari ko‘rsatiladi. Bu muassasalarda aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish bilan birga tegishli turmush sharoiti yaratilib, tibbiy xizmat ko‘rsatilib, mehnat va dam olishi tashkil etilmoqda.

Nogironlarga davlat tomonidan ijtimoiy yordam umuman nimalardan iborat?

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy yordamning quyidagi turlari ko‘rsatiladi:

  • pul to‘lovlari (pensiyalar, nafaqalar, bir yo‘la beriladigan to‘lovlar);
  • reabilitatsiya qilishning texnik vositalari, surdotexnika, tiflotexnika vositalari yoki boshqa vositalar, shu jumladan o‘rindiqli aravachalar, protez-ortopediya moslamalari, maxsus harfli matbaa nashrlari, ovoz kuchaytiruvchi apparatlar va signalizatorlar, subtitrli yoki surdotarjimali videomateriallar, shuningdek avtomobillar bilan ta’minlash;
  • tibbiy, ijtimoiy, kasbiy, jismoniy reabilitatsiya qilish bo‘yicha xizmatlar va maishiy xizmatlar;
  • transport xizmatlari;
  • dori vositalari bilan ta’minlash.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy yordam mahalliy davlat hokimiyati organlari, sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi organlari, boshqa davlat organlari tomonidan tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining xulosalari asosida ko‘rsatiladi.
Nogironligi bo‘lgan, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish qobiliyatini qisman yoki to‘liq yo‘qotgan va o‘zgalarning doimiy parvarishiga muhtoj bo‘lgan shaxslarga ularning uyida hamda vakolatli davlat organlarining ixtisoslashtirilgan statsionar muassasalarida qonunchilikda belgilangan tartibda xizmatlar ko‘rsatiladi. Bu muassasalarda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bilan bir qatorda hayot faoliyati uchun tegishli shart-sharoitlar ta’minlanadi, tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi, shuningdek mehnat faoliyati va dam olish tashkil etiladi.
Ish beruvchining aybi bilan mehnatda mayib bo‘lgan yoki kasb kasalligiga chalingan nogironligi bo‘lgan shaxslar tibbiy ko‘rsatmalarga binoan ish beruvchining (tashkilotning tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar) mablag‘lari hisobidan reabilitatsiya qilishning texnik va maxsus transport vositalari bilan ta’minlanadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari nogironligi bo‘lgan shaxslarga mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ijtimoiy kafolatlar belgilash huquqiga ega.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar sanatoriy-kurortda bepul sog‘lomlashtirish, shuningdek dori vositalari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarish qilish uchun mo‘ljallangan tibbiy buyumlar va nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maxsus shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanish huquqiga ega.

Davlat yolg‘iz nogiron yoki qariyalarni qanday aniqlaydi?

Yolg‘iz yashaydigan hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni aniqlash fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limi tomonidan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida quyidagi jami ma’lumotlarni olish asosida amalga oshiriladi:

  • yolg‘iz yashashi;
  • yolg‘iz yashaydigan hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarish qilishni ta’minlashga qodir bo‘lgan shaxslarning yo‘qligi;
  • yolg‘iz yashaydigan hamda yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxsning o‘zgalar parvarishiga muhtojligi.

Yolg‘iz yashaydigan hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni aniqlash:

  • xonadonlarni birma-bir aylanib chiqish yo‘li bilan;
  • jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan yozma, og‘zaki yoki elektron shaklda berilgan ma’lumotlar asosida;
  • keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning mustaqil ravishdagi murojaatlari asosida amalga oshiriladi.

Xonadonlarni birma-bir aylanib chiqish ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha komissiya a’zolari tomonidan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limi xodimi bilan birgalikda har chorakda chorakdan keyingi oyning 10-kunigacha amalga oshiriladi. Xonadonlarni birma-bir aylanib chiqishda yolg‘iz yashaydigan hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni aniqlash uchun xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari raislaridan, mahalla oqsoqollaridan va u erda yashaydiganlardan ma’lumotlar olinadi.

Chat