Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 13904 marta o'qildi

Kompensatsiya kimlarga to‘lanadi?

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida faol ishtirok etayotgan ko‘chaboshi va uyboshilarga kommunal xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha har oylik kompensatsiya berilishi mumkin.

Kompensatsiya miqdori har oy BHMning 50 foizini tashkil etadi. Mablag‘lar mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan to‘lanadi.

Kompensatsiya olish uchun qanday talablar bor?

Ko‘chaboshi yoki uyboshining faoliyati har chorakda fuqarolar yig‘ini kengashi tomonidan belgilangan mezonlar asosida baholanadi.

Bunda shaxs:

  • biriktirilgan ko‘cha yoki uyda kamida 3 oy faoliyat yuritgan bo‘lishi;
  • baholash natijasida 70 balldan yuqori ball to‘plashi kerak. Ushbu shartlarga javob bergan ko‘chaboshi va uyboshilar kompensatsiya olish uchun tavsiya etiladi.

Faoliyat qanday baholanadi?

Baholashda, jumladan:

  • ko‘cha va ko‘p kvartirali uylar atrofini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish;
  • aholining ijtimoiy muammolarini hal etish bo‘yicha takliflar kiritish;
  • yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish;
  • elektr energiyasi, gaz va suvdan tejamli foydalanishni targ‘ib qilish;
  • to‘y, marosim va boshqa tadbirlarni belgilangan tartibda o‘tkazishga ko‘maklashish;
  • huquqbuzarliklarning oldini olishga ko‘maklashish;
  • mahalla qarorlarining mazmun-mohiyatini aholiga tushuntirish kabi ishlar hisobga olinadi.

Kompensatsiya qachon to‘xtatiladi?

Agar ko‘chaboshi yoki uyboshi mahalla faoliyatida faol ishtirok etmay qo‘ysa, kompensatsiyani to‘lash muddatidan oldin to‘xtatilishi mumkin. Bu masala fuqarolar yig‘ini kengashida muhokama qilinadi.

Kompensatsiya oluvchi shaxs vafot etgan taqdirda ham to‘lov to‘xtatiladi. Tasdiqlangan kompensatsiya mablag‘lari belgilangan tartibda bank kartasi orqali to‘lanadi.

Chat