Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 12380 marta o'qildi

Quyidagilar ish beruvchilar sifatida ish yuritishi mumkin:
  • mulkchilik shaklidan va idoraviy mansubligidan qat’i nazar, tashkilotlar;
  • tashkilotlarning filiallari, vakolatxonalari yoki boshqa alohida tarkibiy bo‘linmalari (bundan buyon matnda tashkilotlarning alohida bo‘linmalari deb yuritiladi);
  • jismoniy shaxslar.
  • Jismoniy shaxslar quyidagi hollarda ish beruvchilar bo‘lishi mumkin:
  • agar ular yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lsa;
  • agar ular o‘ziga xizmat ko‘rsatilishi va uy xo‘jaligini yuritishda yordamlashish maqsadida uy xizmatchilarini yollashni amalga oshirsa;
  • agar qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda ularning kasbiy faoliyati ro‘yxatdan o‘tkazilishi va (yoki) litsenziyalanishi lozim bo‘lsa hamda ular mazkur faoliyatni amalga oshirish maqsadida xodimlar bilan mehnatga oid munosabatlarga kirishgan bo‘lsa.

Ish beruvchi quyidagi huquqlarga ega:
  • ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda nazarda tutilgan tartibda va shartlar asosida xodimlar bilan mehnat shartnomalarini tuzish, o‘zgartirish hamda bekor qilish;
  • jamoa muzokaralari tashabbusi bilan chiqish va jamoa shartnomalarini tuzish;
  • xodimlarni halol samarali mehnati uchun rag‘batlantirish;
  • xodimlardan o‘z mehnat majburiyatlarini bajarishini va ish beruvchining mol-mulkiga (shu jumladan uchinchi shaxslarning ish beruvchida bo‘lgan mol-mulkiga, agar ish beruvchi ushbu mol-mulkning but saqlanishi uchun javobgar bo‘lsa) ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishini, ichki mehnat tartibiga rioya etishini talab qilish;
  • xodimlarni ushbu Kodeksda belgilangan tartibda intizomiy javobgarlikka tortish;
  • xodimlarni ular tomonidan ham ish beruvchiga bevosita etkazilgan, ham boshqa shaxslarga etkazilgan zararning o‘rnini qoplash natijasida ish beruvchida yuzaga kelgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri haqiqiy zarar uchun moddiy javobgarlikka tortish;
  • ichki hujjatlarni qabul qilish (bundan yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lmagan, jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchilar mustasno);
  • o‘z manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida ish beruvchilar birlashmalarini tashkil etish hamda ularga a’zo bo‘lish.

Ish beruvchi mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, mehnat to‘g‘risidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnat shartnomasiga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Ish beruvchining majburiyatlari
  • mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomalari shartlariga rioya etishi;
  • xodimlarni mehnat shartnomasida shartlashilgan ish bilan ta’minlashi;
  • xodimlarni ishga qabul qilishda, mehnat jarayonida va xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda ushbu Kodeksning mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash to‘g‘risidagi talablari buzilishiga yo‘l qo‘ymasligi;
  • majburiy mehnat va bolalar mehnatining og‘ir shakllari qo‘llanilishiga yo‘l qo‘ymasligi;
  • mehnatni muhofaza qilish normativ talablariga muvofiq bo‘lgan mehnat xavfsizligini va shart-sharoitlarini ta’minlashi;
  • xodimlarni o‘z mehnat majburiyatlarini bajarishi uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, asboblar, texnik hujjatlar va boshqa vositalar bilan ta’minlashi;
  • xodimlarga berilishi lozim bo‘lgan ish haqini ushbu Kodeksga, jamoa shartnomasiga, ichki mehnat tartibi qoidalariga, boshqa ichki hujjatlarga, mehnat shartnomalariga muvofiq belgilangan muddatlarda to‘liq hajmda to‘lashi;
  • ushbu Kodeksda belgilangan tartibda jamoa muzokaralarini olib borishi, shuningdek jamoa shartnomasini tuzishi;
  • xodimlarning vakillariga jamoa kelishuvini va jamoa shartnomasini tuzish hamda ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan to‘liq va ishonchli axborotni taqdim etishi;
  • xodimlarni ularning birlashish huquqi to‘g‘risida xabardor qilishi;
  • xodimlarni o‘z mehnat faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan, qabul qilinayotgan ichki hujjatlar bilan imzo qo‘ydirib tanishtirishi;
  • davlat mehnat inspektorlarining, shuningdek mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan tekshiruv va nazoratni amalga oshirish vakolatiga ega bo‘lgan boshqa davlat organlari mansabdor shaxslarining ko‘rsatmalarini o‘z vaqtida bajarishi;
  • xodimlar davlat organlaridagi saylab qo‘yiladigan lavozimlarga saylanganligi tufayli ularning ish joyi saqlanib qolgan hollarda ushbu ish beruvchi ilgari mehnat shartnomasini bekor qilgan xodimlarni ishga qabul qilishi;
  • tegishli kasaba uyushmasi organlarining, xodimlar tomonidan saylangan boshqa vakillarning mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning aniqlangan qoidabuzarliklari haqidagi ko‘rsatmalari hamda taqdimnomalarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqishi, aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rishi va ko‘rilgan choralar to‘g‘risida mazkur organlar hamda vakillarga xabar qilishi;
  • xodimlarning o‘z mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq bo‘lgan maishiy ehtiyojlari ta’minlanishini amalga oshirishi;
  • xodimlarning ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasini, shuningdek ish beruvchining fuqarolik javobgarligi majburiy sug‘urtasini ta’minlashi;
  • o‘z mehnat majburiyatlarini bajarganligi munosabati bilan xodimlarga etkazilgan moddiy zararning o‘rnini mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda hamda shartlarda qoplashi;
  • mehnat shartnomalarini, shuningdek ularga doir o‘zgartish va qo‘shimchalarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat majmuida o‘z vaqtida ro‘yxatga olishi shart.

Ish beruvchining zimmasida mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, mehnat to‘g‘risidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnat shartnomasiga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish beruvchilar ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.     

Chat