Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 6454 marta o'qildi

Jamoa kelishuvi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi, xodimlar uchun hududiy, tarmoq va respublika darajalarida taraflarning mehnat sharoitlarini, bandlikni hamda ijtimoiy kafolatlarni belgilashga doir majburiyatlarini o‘z ichiga olgan, xodimlar va ish beruvchilarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini kelishib olish maqsadida tuziladigan mehnat to‘g‘risidagi huquqiy hujjatdir.

Jamoa kelishuvlari yozma shaklda tuziladi.

Tartibga solinadigan munosabatlar sohasiga qarab hududiy, tarmoq va bosh jamoa kelishuvlari tuzilishi mumkin.

 

Jamoa kelishuvlarining mazmuni va tuzilishi

Jamoa kelishuvlarida:

  • mehnatga haq to‘lash, mehnat shartlari va mehnatni muhofaza qilish, mehnat va dam olish rejimi to‘g‘risidagi;
  • mehnatga haq to‘lashni narxlarning o‘zgarishlaridan, inflyatsiya darajasidan, jamoa kelishuvlarida belgilangan ko‘rsatkichlarning bajarilishidan kelib chiqqan holda tartibga solish mexanizmi haqidagi;
  • eng kam miqdori qonunchilikda nazarda tutiladigan kompensatsiya tarzidagi qo‘shimcha to‘lovlar to‘g‘risidagi;
  • xodimlarning bandligiga, ularni kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga, ularning malakasini oshirishga ko‘maklashish haqidagi;
  • ekologik xavfsizlikni ta’minlash hamda ishlab chiqarishda xodimlarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish to‘g‘risidagi;
  • xodimlarni va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha maxsus tadbirlar haqidagi;
  • davlat tashkilotlarini xususiylashtirish chog‘ida xodimlarning manfaatlari hisobga olinishi to‘g‘risidagi;
  • yuqoriroq darajada ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan shaxslar (homilador ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar va boshqalar) uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etayotgan ish beruvchilarga beriladigan imtiyozlar haqidagi;
  • ijtimoiy sheriklikni va uch tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, jamoa shartnomalarini tuzishga ko‘maklashish, mehnat nizolarining oldini olish, mehnat intizomini mustahkamlash to‘g‘risidagi qoidalar nazarda tutilishi mumkin.

Jamoa kelishuvlarida qonunchilikka zid kelmaydigan boshqa mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga doir qoidalar bo‘lishi mumkin.

Jamoa kelishuvlari shartlarining haqiqiy emasligi

Jamoa kelishuvlarida:

  • xodimlarning holatini mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, shuningdek amal qilishi ushbu xodimlarga nisbatan tatbiq etiladigan yuqoriroq darajadagi jamoa kelishuvlariga qaraganda yomonlashtiradigan;
  • mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash to‘g‘risidagi talablarni buzadigan;
  • majburiy mehnatni taqiqlash to‘g‘risidagi talablarni buzadigan;
  • ijtimoiy sheriklikning tegishli darajasida hal etilishi mumkin bo‘lgan masalalardan tashqariga chiqadigan shartlar bo‘lmasligi kerak.

Agar jamoa kelishuvida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartlar bo‘lsa, bunday shartlar haqiqiy emasdir. Jamoa kelishuvi ayrim shartlarining haqiqiy emasligi jamoa kelishuvining umuman haqiqiy emasligiga sabab bo‘lmaydi.

Taraflar tomonidan imzolangan jamoa kelishuvi, uning ilovalari 7 kunlik muddatda ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiya tomonidan jamoa kelishuvi taraflariga, shuningdek xabardor qilish tartibida ro‘yxatga olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspektsiyasiga yuboriladi.

  • Jamoa kelishuvining kuchga kirishi uni xabardor qilish tartibida ro‘yxatga olish faktiga bog‘liq bo‘lmaydi.
  • Jamoa kelishuvining amal qilishi vakillari ushbu kelishuvni tuzgan xodimlar va ish beruvchilarga nisbatan tatbiq etiladi.

Jamoa kelishuvi u imzolangan kundan e’tiboran yoki jamoa kelishuvida belgilangan kundan e’tiboran kuchga kiradi hamda ushbu kelishuvda nazarda tutilgan muddat ichida, biroq ko‘pi bilan 3 yil amal qiladi. Ko‘rsatilgan muddat tugagach, jamoa kelishuvi taraflar yangisini tuzguniga yoki amaldagi jamoa kelishuviga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritguniga qadar bo‘lgan davrda amal qiladi. Jamoa kelishuvining amal qilish muddati tugaguniga qadar taraflar uni uzaytirishi mumkin.

Jamoa kelishuvlari imzolangan kundan e’tiboran 10 kundan kechiktirmay ommaviy axborot vositalarida yoki ular taraflarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinishi lozim.

Chat