Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 5249 marta o'qildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi referendum o‘tkazish tashabbusini ko‘rsatish to‘g‘risidagi materiallarni va mas’ul qo‘mitaning xulosasini 2 hafta ichida ko‘rib chiqib, quyidagi qarorlardan birini qabul qilishi mumkin:

  • referendumni tayinlash va uni o‘tkazishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida;
  • referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusni rad etish haqida;
  • referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusda taklif qilingan qonunni yoki boshqa qarorni referendum o‘tkazmasdan turib qabul qilish haqida.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining referendum masalasiga doir qarori mazkur qaror qabul qilingan kundan e’tiboran 3 kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga, shuningdek referendum o‘tkazish tashabbuskorlariga yuboriladi.

Agar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusni rad etish haqida qaror qabul qilsa, ayni shu mazmun yoki ma’nodagi ta’rif bilan referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi masala O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish uchun 1 yil o‘tganidan keyingina takroran kiritilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati referendum o‘tkazish tashabbusini ko‘rsatish to‘g‘risidagi materiallarni, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining referendum o‘tkazish va referendum o‘tkaziladigan sanani tayinlash to‘g‘risidagi qarorini, shuningdek mas’ul qo‘mitaning mazkur masala bo‘yicha xulosasini 2 hafta ichida ko‘rib chiqib, quyidagi qarorlardan birini qabul qilishi mumkin:

  • referendumni tayinlash va uni o‘tkazishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida;
  • referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusni rad etish haqida.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining referendum masalaciga doir qarori mazkur qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, shuningdek referendum o‘tkazish tashabbuskorlariga yuboriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati referendumni o‘tkazish va referendum o‘tkaziladigan sanani tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining mazkur masalaga doir qarorlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati ushbu masala yuzasidan qaror qabul qilgan kundan e’tiboran kechi bilan 3 kun ichida matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining referendumni o‘tkazish va referendum o‘tkaziladigan sanani tayinlash to‘g‘risidagi qarorlarida uni o‘tkazish sanasi belgilanadi, bunda ovoz berish palatalarning qarorlari e’lon qilingan kundan e’tiboran bir yarim oydan 3 oygacha bo‘lgan davrda istalgan kunga tayinlanishi mumkin.

Chat