Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 5767 marta o'qildi

Mehnat normalari, mehnat (lavozim) majburiyatlari bajarilmaganda mehnatga haq to‘lash:
  • Ish beruvchining aybi bilan mehnat normalari, mehnat (lavozim) majburiyatlari bajarilmaganda, mehnatga haq to‘lash xodimning haqiqatda ishlab berilgan vaqtiga mutanosib ravishda hisoblangan o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda amalga oshiriladi.  
  • Ish beruvchiga va xodimga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra mehnat normalari, mehnat (lavozim) majburiyatlari bajarilmaganda, xodimning haqiqatda ishlab berilgan vaqtiga mutanosib ravishda hisoblangan tarif stavkasining (maoshining) kamida uchdan ikki qismi saqlanib qoladi.
  • Xodimning aybi bilan mehnat normalari, mehnat (lavozim) majburiyatlari bajarilmaganda, ish haqining normalashtirilgan qismiga haq to‘lash bajarilgan ish hajmiga muvofiq amalga oshiriladi.

Bekor turib qolingan vaqt uchun haq to‘lash:
  • Ish beruvchining aybi bilan bekor turib qolingan vaqt uchun (iqtisodiy, texnologik, texnik yoki tashkiliy sabablarga ko‘ra ishni vaqtincha to‘xtatib turish) xodimning o‘rtacha ish haqi miqdorida haq to‘lanadi.
  • Ish beruvchiga va xodimga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra bekor turib qolingan vaqt uchun bekor turib qolingan vaqtga mutanosib ravishda hisoblangan tarif stavkasining (maoshining) kamida uchdan ikki qismi miqdorida haq to‘lanadi.
  • Xodimning aybi bilan bekor turib qolingan vaqt uchun haq to‘lanmaydi.
  • Asbob-uskunaning buzilishi va xodim tomonidan o‘z mehnat vazifalarini bajarishni davom ettirishni imkonsiz qiladigan boshqa sabablar yuzaga keltirgan bekor turib qolingan vaqt boshlanganligi haqida xodim darhol o‘zining bevosita rahbariga, ish beruvchining boshqa vakiliga xabar berishi shart.
     

Yaroqsiz bo‘lgan mahsulot tayyorlanganda mehnatga haq to‘lash:
  • Ishlov beriladigan materialdagi yashirin nuqson tufayli paydo bo‘lgan yaroqsiz mahsulot uchun, shuningdek xodimning aybisiz tayyorlangan yaroqsiz mahsulot uchun yaroqli mahsulotlar bilan teng ravishda haq to‘lanadi.
  • Xodimning aybi bilan tayyorlangan qisman yaroqsiz mahsulot uchun mahsulotning yaroqliligi darajasiga qarab kamaytirilgan ishbay baholar bo‘yicha haq to‘lanadi.
  • Xodimning aybi bilan tayyorlangan to‘liq yaroqsiz mahsulot uchun haq to‘lanmaydi.

Chat