Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 16632 marta o'qildi

Ish joylari joylashtiriladigan binolar (inshootlar) tuzilishiga ko‘ra ularning belgilangan funktsional maqsadiga hamda mehnat xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish talablariga mos bo‘lishi kerak.

Ishlash uchun mo‘ljallangan asbob-uskunalar mazkur turdagi asbob-uskunalar uchun belgilangan xavfsizlik normalariga mos bo‘lishi, tegishli texnik pasportlarga (sertifikatga), ogohlantiruvchi belgilarga ega bo‘lishi va ish joylarida xodimlar xavfsizligini ta’minlash uchun to‘siqlar yoki himoya vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.

Xodimlarning binodan chiqishi uchun avariya yo‘llari va chiqish joylari belgilangan bo‘lishi, bo‘sh qolishi hamda ochiq havoga yoxud xavfsiz hududga olib chiqishi kerak.

Xavfli zonalar aniq belgilangan bo‘lishi kerak. Agar ish joylari ishning xususiyati tufayli xodim uchun xavf mavjud bo‘lgan xavfli zonalarda joylashgan bo‘lsa, bunday joylar begona kishilarning bu zonalarga kirishiga to‘siq bo‘ladigan qurilmalar bilan jihozlanishi kerak.

Tashkilot hududida piyodalar va texnologik transport vositalari xavfsiz sharoitlarda harakatlanishi kerak.

Ish vaqti davomida ish o‘rinlari joylashgan xonada harorat, yorug‘lik, shuningdek ventilyatsiya sanitariya normalari va qoidalariga mos bo‘lishi kerak.

Quyidagilar mehnat sharoitlari bo‘yicha ish o‘rinlari attestatsiyasidan o‘tkaziladi:
  • qonunchilikda belgilangan tartibda xodimlarga mehnat sharoitlariga ko‘ra imtiyozlar va kompensatsiyalar nazarda tutilgan ish o‘rinlari;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar band bo‘lgan ish o‘rinlari;
  • imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va ko‘rsatkichlar ro‘yxatlarida ko‘rsatilgan ish o‘rinlari;
  • xavfli ishlab chiqarish ob’ektlaridagi ish o‘rinlari.

Xodimlarni mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazish va o‘qitish:
  • Ishga yangi kirayotgan barcha xodimlar, shuningdek boshqa ishga o‘tkazilayotgan xodimlar uchun ish beruvchi mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq berishni amalga oshirishi, ishlarni bajarishning xavfsiz uslublari va usullari hamda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishga oid o‘quvni tashkil etishi shart.
  • Yuqori xavfga ega bo‘lgan ishlab chiqarishga yoki kasbiy tanlov talab etiladigan ishga kiruvchi xodimlar uchun ishni xavfsiz uslublar va usullar bilan bajarish bo‘yicha dastlabki tayyorgarlik, kasb bo‘yicha bir oy davomida mehnatni muhofaza qilishga doir o‘quv o‘tkazilib, imtihon topshiriladi va keyinchalik mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha majburiy davriy attestatsiya o‘tkaziladi.
  • Tashkilotlarning xodimlari, shu jumladan rahbarlari mehnatni muhofaza qilishning davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi organlar tomonidan ushbu xodimlar va rahbarlarning kasbi hamda ish turlari uchun belgilangan tartibda va muddatlarda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘qitilishi, yo‘l-yo‘riq olishi, bilimlarining tekshiruvidan o‘tkazilishi shart.
  • Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha belgilangan tartibda o‘quvdan o‘tmagan, yo‘l-yo‘riq olmagan va bilimlari tekshiruvdan o‘tkazilmagan shaxslarni ish beruvchi ishdan chetlashtirishi shart.

Chat