Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 8315 marta o'qildi

Mehnat Kodeksining 503-moddasining qoidalari mehnat vazifasi sport musobaqalariga tayyorgarlik ko‘rishdan va muayyan turdagi yoki sport turlari bo‘yicha sport musobaqalarida ishtirok etishdan iborat bo‘lgan xodimlar (bundan buyon matnda sportchilar deb yuritiladi) bilan mehnat munosabatlarini tartibga soladi.

Sportchilar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, shu jumladan jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, shuningdek ichki hujjatlarda belgilanadi.

Sportchi bilan tuziladigan mehnat shartnomasiga quyidagilar kiritilishi shart:
  • ish beruvchining mashq tadbirlari o‘tkazilishini va sportchining sport musobaqalarida ishtirok etishini ta’minlash majburiyati to‘g‘risidagi shartlar;
  • sportchining ish beruvchi tomonidan belgilangan sport rejimiga rioya etish va sport musobaqalariga tayyorgarlik ko‘rish rejalarini bajarish majburiyati to‘g‘risidagi shartlar;
  • sportchining sport musobaqalarida faqat ish beruvchining ko‘rsatmasi bo‘yicha ishtirok etish majburiyati to‘g‘risidagi shartlar;
  • sportchining xalqaro dopingga qarshi tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan dopingga qarshi qoidalarga rioya etish, doping nazoratidan o‘tish majburiyati to‘g‘risidagi shartlar;
  • ish beruvchining sportchining hayoti va sog‘lig‘i sug‘urta qilinishini, shuningdek sportchining qo‘shimcha tibbiy va boshqa xizmatlarni olish maqsadida tibbiy sug‘urta qilinishini ta’minlashga doir majburiyati to‘g‘risidagi shartlar.

Mehnat shartnomasini tuzish chog‘ida sportchilar dastlabki majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart. Ish beruvchi dastlabki va davriy majburiy tibbiy ko‘riklarning o‘tkazilishini o‘z hisobidan tashkil etishi shart. Mehnat shartnomasining amal qilishi davrida sportchilar topshirilgan ishni bajarish uchun yaroqliligini aniqlash hamda kasb kasalliklarining va sport jarohatlanishlarining oldini olish maqsadida davriy majburiy tibbiy ko‘riklardan o‘tadi.

Ish beruvchi o‘z mablag‘lari hisobidan sportchilarni sport kiyim-boshlari, sport anjomlari va ashyolari, ular mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan boshqa moddiy-texnika vositalari bilan ta’minlashi, shuningdek mazkur kiyim-boshlar, asbob-uskunalar, anjomlar, ashyolar va vositalarni foydalanishga yaroqli holatda saqlashi shart.
Sportchilarga yillik qo‘shimcha mehnat ta’tili beriladi, uning davomiyligi jamoa shartnomalarida, ichki hujjatlarda, mehnat shartnomalarida belgilanadi, lekin u 4 kalendarь kundan kam bo‘lmasligi kerak.

Ish beruvchi sportchining sport musobaqalarida ishtirok etishini ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘lmagan hollarda, ish beruvchilar o‘rtasidagi kelishuvga, sportchining o‘z yozma roziligiga ko‘ra, 1 yildan oshmaydigan muddatga vaqtincha boshqa ish beruvchiga o‘tishiga yo‘l qo‘yiladi.

Sportchining boshqa ish beruvchiga vaqtincha o‘tishi davri uchun vaqtinchalik ish joyidagi ish beruvchi u bilan ushbu moddaning uchinchi qismi qoidalarini inobatga olgan holda muddatli mehnat shartnomasi tuzadi.

Sportchi boshqa ish beruvchiga vaqtincha o‘tgan davrda dastlab tuzilgan mehnat shartnomasining amal qilishi to‘xtatib turiladi (taraflar mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan huquqlar amalga oshirilishini hamda majburiyatlar bajarilishini to‘xtatib turadi). Bunda dastlab tuzilgan mehnat shartnomasi amal qilishi muddatining o‘tishi uzilib qolmaydi. Sportchining boshqa ish beruvchiga vaqtincha o‘tish muddati tugaganidan keyin dastlab tuzilgan mehnat shartnomasi to‘liq hajmda qayta tiklanadi.

Vaqtincha o‘tish muddati mobaynida sportchiga va vaqtinchalik ish joyidagi ish beruvchiga mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda hamda mehnat huquqi normalarini o‘z ichiga olgan boshqa hujjatlarda belgilangan qoidalar, ushbu moddada belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda, to‘liq hajmda tatbiq etiladi.

Vaqtinchalik ish joyidagi ish beruvchi sportchining boshqa ish beruvchiga o‘tishiga doir tashabbus bilan chiqish huquqiga ega emas.
Sportchining boshqa ish beruvchiga vaqtincha o‘tishi davriga tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat Kodeksida nazarda tutilgan asoslarning istalgan biriga ko‘ra muddatidan ilgari bekor qilingan taqdirda, vaqtincha o‘tish davriga tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish bilan bog‘liq bo‘lgan kalendarь sanasidan keyingi ish kunidan boshlab dastlab tuzilgan mehnat shartnomasi to‘liq hajmda amal qiladi.

Agar boshqa ish beruvchiga vaqtincha o‘tish muddati tugaganidan keyin sportchi vaqtinchalik ish joyidagi ish beruvchida ishlashni davom ettirsa va na sportchi yoki na vaqtinchalik ish joyidagi ish beruvchi, na dastlab mehnat shartnomasi tuzilgan ish beruvchi vaqtinchalik o‘tish davri uchun tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishni hamda dastlab tuzilgan mehnat shartnomasini qayta tiklashni talab qilmasa, dastlab tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi va vaqtinchalik o‘tish davri uchun tuzilgan mehnat shartnomasi taraflar kelishuvi bilan belgilanadigan muddatga, bunday kelishuv mavjud bo‘lmagan taqdirda esa nomuayyan muddatga uzaytiriladi.

Sportchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun quyidagilar asos bo‘lishi mumkin:
1) 6 oy va undan ko‘p muddatga sportdan chetlashtirilganlik;
2) xalqaro dopingga qarshi tashkilotlar tasdiqlagan dopingga qarshi qoidalarning sportchi tomonidan buzilganligi, shu jumladan bir marta buzilganligi.

Mehnat shartnomasini sportchining tashabbusi bilan bekor qilish to‘g‘risidagi ogohlantirish muddatining davomiyligi mehnat shartnomasi taraflari tomonidan tegishli sport turi yoki turlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi sport federatsiyalarining (assotsiatsiyalarining) tavsiyalariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi belgilaydigan muddatlar inobatga olingan holda aniqlanadi.

Chat