Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 18264 marta o'qildi

Kompensatsiya — nogironligi bo‘lgan shaxsga yoki uning qonuniy vakiliga pul shaklida to‘lanadigan, nogironligi bo‘lgan shaxs o‘z mablag‘lari hisobidan sotib olgan va uning yakka tartibdagi reabilitatsiya dasturida nazarda tutilgan reabilitatsiya qilishning texnik vositasi yoki ko‘rsatilgan xizmat qiymatini qoplashdir.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi — tibbiy-ijtimoiy ekspertiza asosida ishlab chiqilgan, shaxs uchun maqbul bo‘lgan tibbiy, ijtimoiy, kasbiy va jismoniy reabilitatsiya choralarining turlari, shakllari, hajmlari, muddatlari hamda ularni amalga oshirish tartibini o‘z ichiga olgan chora-tadbirlar majmuidir.

Qaysi vosita va xizmatlar uchun kompensatsiya to‘lanadi?

Quyidagi reabilitatsiya qilishning texnik vositalari sotib olingani yoki xizmatlardan foydalanilgani uchun kompensatsiya to‘lanishi mumkin:

  • kreslo-aravachalar;
  • kichik gabaritli aravachalar;
  • eshitish moslamalari;
  • hassalar va qo‘ltiqtayoqlar;
  • reabilitatsiya qilishning texnik vositasini joriy ta’mirlash xizmatlari.

Kompensatsiya olish huquqi:

  • yakka tartibdagi reabilitatsiya dasturida nazarda tutilgan texnik vositani o‘z mablag‘i hisobidan sotib olgan;
  • mazkur dasturda nazarda tutilgan texnik vositani joriy ta’mirlash xizmati uchun o‘z mablag‘i hisobidan haq to‘lagan

nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladi.

Kompensatsiya olish uchun hujjatlar

Nogironligi bo‘lgan shaxs yoki uning qonuniy vakili hududiy boshqarmaga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • Maxsus komissiya belgilagan shakldagi kompensatsiya to‘lash to‘g‘risidagi ariza;
  • nogironligi bo‘lgan shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
  • nogironligi bo‘lgan shaxsni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi nusxasi;
  • tuman yoki shahar tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limining shaxs reabilitatsiya qilishning texnik vositasi bilan ta’minlash uchun hisobga qo‘yilgan sana haqidagi ma’lumotnomasi;
  • texnik vosita sotib olinganini yoki xizmat ko‘rsatilganini tasdiqlovchi chek, kvitantsiya, talon, chipta yoxud shunga tenglashtirilgan boshqa hujjat nusxasi;
  • reabilitatsiya qilishning texnik vositasining texnik pasporti nusxasi.

Taqdim etilgan hujjatlar hududiy boshqarma tomonidan 5 kun ichida kompensatsiya masalasini ko‘rib chiqish uchun Maxsus komissiyaga kiritiladi.

Qaror qabul qilish muddati

Maxsus komissiya hujjatlar hududiy boshqarmadan kelib tushgan sanadan boshlab 2 hafta ichida ularni ko‘rib chiqadi va:

  • kompensatsiya to‘lash;
  • yoki kompensatsiya to‘lashni rad etish

to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Kompensatsiya to‘lashni rad etish asoslari

Quyidagi hollarda kompensatsiya to‘lash rad etiladi:

  • sotib olingan reabilitatsiya qilishning texnik vositasi nogironligi bo‘lgan shaxsning yakka tartibdagi reabilitatsiya dasturida nazarda tutilmagan bo‘lsa;
  • talab etiladigan hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan bo‘lsa.

Rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda, hududiy boshqarma 3 ish kuni ichida rad etishning asoslangan sabablarini ko‘rsatgan holda ariza beruvchiga yozma javob yuboradi.

Rad etish sabablari bartaraf etilgandan keyin ariza beruvchi Maxsus komissiyaga takroran murojaat qilishi mumkin. Takroran ko‘rib chiqishda avvalgi rad etish qarorida ko‘rsatilmagan yangi talablarni qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ariza beruvchi kompensatsiya to‘lashni rad etish to‘g‘risidagi qaror ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga ega.

Kompensatsiya miqdori

Kompensatsiya texnik vosita yoki ko‘rsatilgan xizmatning o‘rtacha qiymatidan ortiq bo‘lmagan miqdorda to‘lanadi.

Texnik vositaning o‘rtacha qiymati joriy yilda hududiy boshqarmalar tomonidan o‘tkazilgan tender savdolari asosida buyurtma berilgan tegishli texnik vosita narxiga teng miqdorda belgilanadi.

Joriy ta’mirlash xizmatining o‘rtacha qiymati esa texnik vositani ishlab chiqaruvchilar tomonidan joriy yil uchun belgilangan ta’mirlash tariflari va narxlari asosida aniqlanadi.

Kompensatsiyani to‘lash tartibi

Kompensatsiya Maxsus komissiya qarori asosida hududiy boshqarmaning hisob raqamidan o‘tkaziladi.

To‘lov nogironligi bo‘lgan shaxsning yashash joyidagi Xalq banki bo‘limi orqali amalga oshiriladi.

Kompensatsiya Maxsus komissiya qaror qabul qilgan kundan boshlab 10 kun ichida to‘lanadi.

Chat