Oila qanday himoya qilinadi?
Oila — nikoh, qarindoshlik, farzandlikka olish yoki bolani tarbiyaga olishdan kelib chiqadigan shaxsiy va mulkiy munosabatlarga asoslangan jamiyatning asosiy bo‘g‘ini.
Nikoh:
- nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga;
- er va xotinning teng huquqliligiga;
- O‘zbekiston xalqining an’anaviy oilaviy qadriyatlariga asoslanadi.
Davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlarni yaratadi.
Ota-onalarning majburiyatlari nimalardan iborat?
Ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar voyaga etmagan bolalarini:
- boqishi;
- tarbiyalashi;
- ta’lim olishini ta’minlashi;
- sog‘lig‘i va xavfsizligi haqida g‘amxo‘rlik qilishi;
- jismoniy, aqliy va ma’naviy rivojlanishi uchun sharoit yaratishi shart.
Bolaga nisbatan zo‘ravonlik, shafqatsiz muomala, kamsitish yoki uning manfaatlariga zid xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bolaning manfaatlari qanday himoya qilinadi?
Bolaning eng ustun manfaatlari — bolaga oid har qanday qarorda uning xavfsizligi, sog‘lig‘i, rivojlanishi va huquqlari birinchi o‘rinda hisobga olinishi.
Davlat:
- bolaning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi;
- etim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalarni qo‘llab-quvvatlaydi;
- ta’lim, tibbiy yordam va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish uchun sharoit yaratadi;
- bolani zo‘ravonlik, ekspluatatsiya va zararli mehnatdan muhofaza qiladi.
Voyaga etgan farzandlarning majburiyati bormi?
Voyaga etgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishi shart.
Ota-ona yordamga muhtoj va mehnatga layoqatsiz bo‘lsa, farzanddan ta’minot undirish masalasi qonunda belgilangan tartibda sud tomonidan hal qilinishi mumkin.
Yoshlarga qanday kafolatlar berilgan?
Davlat yoshlarning:
- ta’lim olishi;
- sog‘lig‘ini saqlashi;
- ishga joylashishi va bandligi;
- uy-joyga ega bo‘lishi;
- intellektual, ijodiy va jismoniy rivojlanishi;
- jamiyat va davlat hayotida ishtirok etishi uchun sharoit yaratadi.
Yoshlarga oid davlat siyosati yoshlarni kamsitmaslik, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va huquqiy manfaatlarini himoya qilish printsiplariga asoslanadi.
Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlimi?
Xotin-qizlar va erkaklar:
- davlat va jamiyat ishlarini boshqarish;
- ta’lim;
- mehnat;
- tadbirkorlik;
- sog‘liqni saqlash;
- ijtimoiy himoya;
- oilaviy munosabatlarda teng huquq va imkoniyatlarga ega.
Jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitish taqiqlanadi. Onalik, otalik va bolalik davlat muhofazasidadir.
Huquq buzilganda qaerga murojaat qilinadi?
Holatga qarab:
- vasiylik va homiylik organiga;
- Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tizimiga;
- Yoshlar ishlari agentligiga;
- «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga;
- ichki ishlar organiga;
- prokuraturaga;
- Ombudsmanga;
- sudga murojaat qilish mumkin.
Bolaning huquqlari buzilganda uning ota-onasi, vasiysi, homiysi yoki boshqa qonuniy vakili ham murojaat qilish huquqiga ega.