Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 4295 marta o'qildi

Oliy ta’lim muassasalarining talabalari orasidan rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash mazkur muassasalarda tashkil etiladigan harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida (harbiy ta’lim fakulьtetlari, harbiy tayyorgarlik bo‘yicha o‘quv markazlari, harbiy kafedralar, tsikllar va kurslarda) amalga oshiriladi.

Oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi bo‘limida o‘qiyotgan erkak talabalari, shuningdek tibbiy oliy ta’lim muassasalarining talabalari jinsidan qat’iy nazar harbiy tayyorgarlikdan o‘tadilar.

Harbiy tayyorgarlikka 27 yoshgacha bo‘lgan salomatligiga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqli talabalar jalb qilinadilar.

Talabalarni harbiy tayyorgarlikdan o‘tishga qabul qilish ularning shaxsiy arizalariga binoan ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi. Harbiy xizmatni o‘tab kelgan talabalar ham rezervdagi va zaxiradagi ofitserlar ta’limi dasturi bo‘yicha harbiy tayyorgarlikdan o‘tishlari mumkin.

  • Oliy ta’lim muassasalarining o‘quv bo‘linmalarida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan, ta’lim dasturini o‘zlashtirgan va belgilangan davlat imtihonlarini topshirgan talabalar ularga leytenant unvoni berilganidan keyin haqiqiy harbiy xizmatga chaqiriladilar yoki rezerv yoxud zaxiraga o‘tkaziladilar.
  • Oliy ta’lim muassasalarining o‘quv bo‘linmalarida harbiy tayyorgarlik ta’limidan o‘tmagan talabalar ta’lim muassasasini tamomlaganlaridan keyin ushbu Qonunga muvofiq muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun chaqiriladilar.
  • Ofitserlarni tayyorlash dasturlarini oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi zimmasiga yuklatiladi.
  • Oliy ta’lim muassasalarining harbiy tayyorgarlik bo‘yicha o‘quv bo‘linmalari yo‘nalishi, rezervdagi va zaxiradagi ofitserlar tayyorlashda asoslaniladigan ixtisosliklar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
  • Oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar, agar bu ta’lim muassasalari bazasida harbiy tayyorgarlik bo‘yicha o‘quv bo‘linmalari tashkil etilgan bo‘lsa, mazkur ta’lim muassasalarining aniq maqsadli moliyalashtirilishini amalga oshiradi hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining ko‘magida zarur o‘quv-moddiy bazasini yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi talabalarning harbiy tayyorgarligi ustidan nazoratni, harbiy tayyorgarlik bo‘yicha o‘quv bo‘linmalarining boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari lavozimlariga ofitserlarni oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan holda tanlash va tayinlashni amalga oshiradi. Harbiy tayyorgarlik bo‘yicha o‘quv bo‘linmalarining o‘qituvchiligiga va boshqa lavozimlarga harbiy xizmatchilarni tayinlash oliy ta’lim muassasalarining rektorlari bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Harbiy tayyorgarlik bo‘yicha o‘quv bo‘linmalarining harbiy lavozimlariga tayinlangan harbiy xizmatchilar harbiy xizmatdagi harbiy xizmatchilar uchun belgilangan kafolatlar va imtiyozlardan foydalanadilar.

Chat