Muddatli harbiy xizmatga va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqiruv Prezident qarori asosida yiliga bir marta — mart–aprelь oylarida o‘tkaziladi.
Prezident qarori chaqiruv boshlanishiga kamida 1 oy qolganda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
Prezident qarori e’lon qilingach, chaqiriluvchilar, shu jumladan vaqtincha ro‘yxatda turgan chaqiriluvchilar, chaqiruv qog‘ozida ko‘rsatilgan vaqtda chaqiruv punktida hozir bo‘lishi shart.
Muddatli yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tamagan va harbiy ro‘yxatda turmagan chaqirilish yoshidagi fuqarolar ham turar joyidagi mudofaa ishlari organiga murojaat qilishi kerak.
18 yoshga to‘lgan chaqiriluvchi navbatdagi chaqiruv to‘g‘risidagi Prezident qarori e’lon qilinguniga qadar harbiy ro‘yxatda turish joyini o‘zgartirishi mumkin.
Qaror e’lon qilinganidan keyin esa bu faqat:
— boshqa joydagi ishga o‘tkazilganda;
— yangi turar joyga ko‘chganda;
— ta’lim muassasasiga o‘qishga kirib, o‘qishni davom ettirish uchun boshqa joyga ketganda mumkin.
Ushbu asoslar tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanishi lozim.
Quyidagilar chaqiruv uchastkasiga o‘z vaqtida kelmaslikning uzrli sabablari hisoblanadi:
— kelish imkonini bermagan kasallik;
— ota, ona, aka-uka, opa-singil, xotin yoki bolaning vafoti yoxud og‘ir kasalligi;
— fuqaroga bog‘liq bo‘lmagan tabiiy ofat yoki boshqa holat.
Eslatma: uzrli sababning o‘zi etarli emas — u tegishli hujjat bilan tasdiqlanishi kerak.
Chaqirilish muddati qonuniy ravishda kechiktirilgan yoki chaqirilishdan ozod etilgan shaxslar muddatli harbiy xizmatga chaqirilmaydi.
Shuningdek, ishi bo‘yicha surishtiruv yoki dastlabki tergov olib borilayotgan yoxud jinoyat ishi sudda ko‘rilayotgan shaxslar ham chaqirilmaydi.