Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 1199 marta o'qildi

O‘zganing tovar belgisidan, xizmat ko‘rsatish belgisidan, geografik ko‘rsatkichidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan o‘xshash bo‘lgan belgilardan shu turdagi tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan qonunga xilof ravishda foydalanish yoxud o‘zganing firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish — huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa — huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Asarlardan yoki turdosh huquqlar ob’ektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish, xuddi shuningdek asarlarning yoki turdosh huquqlar ob’ektlarining kontrafakt nusxalarini takrorlash, tarqatish, barchaning e’tiboriga etkazish yoxud asarlarning yoki turdosh huquqlar ob’ektlarining nusxalarida ularning tayyorlovchilari haqida, ularni ishlab chiqarish joylari to‘g‘risida, shuningdek mualliflik huquqining va turdosh huquqlarning egalari haqida yolg‘on axborotni ko‘rsatish — asarlarning va turdosh huquqlar ob’ektlarining kontrafakt nusxalarini, shuningdek ularni takrorlash hamda tarqatish uchun foydalaniladigan materiallar va uskunalarni hamda boshqa huquqbuzarlik sodir etish qurollarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Tegishli patentlangan ixtironi, foydali modelni, sanoat namunasini o‘z ichiga olgan mahsulot yoki buyumni ruxsatsiz tayyorlash, qo‘llash, import qilish, sotishga taklif etish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yo‘sinda kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish, shuningdek ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulni qo‘llash yoxud bevosita ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usul bilan tayyorlangan mahsulotni fuqarolik muomalasiga kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 10 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Chat