Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 12911 marta o'qildi

Vatandosh kartasi"ga ega shaxslar O‘zbekiston hududiga vizasiz kirishi va  chiqishi mumkinligi belgilandi

«Vatandosh» kim?

Vatandosh — kelib chiqishi O‘zbekiston hududidan bo‘lgan va xorijga chiqib ketgan, chet davlat fuqaroligini yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs maqomini olgan, shuningdek, etnik, til va madaniy-tarixiy jihatdan o‘zini o‘zbek yoki qoraqalpoq deb bilgan shaxslar hamda ularning avlodlari.

Bunday shaxs O‘zbekiston bilan madaniy-gumanitar, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa aloqalarni rivojlantirishga intilishi kerak.

Guvohnoma va karta o‘rtasida qanday farq bor?

«Vatandosh» guvohnomasi — O‘zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etgan vatandoshga minnatdorlik belgisi sifatida beriladigan hamda «Vatandosh» kartasini olish uchun asos bo‘ladigan hujjat.

Guvohnoma muddatsiz amal qiladi.

«Vatandosh» kartasi — guvohnoma asosida 5 yilga, biroq milliy pasportning amal qilish muddatidan oshmagan davrga beriladigan ID-karta.

Guvohnoma va karta O‘zbekiston fuqaroligini olish uchun asos hisoblanmaydi hamda milliy pasport yoki harakatlanish hujjati bilan birga haqiqiy hisoblanadi.

Kimlarga guvohnoma berilishi mumkin?

Guvohnoma, jumladan:

  • O‘zbekistonda xorijiy yoki qo‘shma korxona tashkil etgan yoxud investitsiya kiritgan;
  • iqtisodiyot, ilm-fan, madaniyat, san’at, sport, ta’lim, sog‘liqni saqlash yoki ijtimoiy sohada yuqori yutuqlarga erishgan;
  • O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijiga hissa qo‘shgan;
  • milliy madaniy merosni saqlash va rivojlantirishga xizmat qilgan;
  • O‘zbekiston manfaatlari yo‘lida xayriya yoki metsenatlik faoliyatini amalga oshirgan;
  • O‘zbekiston bilan boshqa davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga katta hissa qo‘shgan vatandoshlarga berilishi mumkin.

Guvohnoma olish uchun shaxsan ariza beriladimi?

Guvohnoma oddiy ariza asosida berilmaydi.

Nomzod bo‘yicha tegishli vazirlik yoki idora Komissiyaga tavsiyanoma kiritadi. Shuningdek, qonunchilikda ko‘rsatilgan davlat rahbarlari, hokimlar va «Vatandoshlar» jamoat fondi rahbari tashabbus ko‘rsatishi mumkin.

Komissiya tavsiyanomani 30 kun ichida ko‘rib chiqib, guvohnoma berish yoki rad etish haqida qaror qabul qiladi. Guvohnoma Komissiya qarori asosida Tashqi ishlar vazirligi tomonidan rasmiylashtiriladi.

«Vatandosh» kartasi qanday olinadi?

Kartani olish uchun Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamentiga yoki uning hududiy bo‘linmasiga:

  • «Vatandosh» guvohnomasi;
  • milliy pasport yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning harakatlanish hujjati taqdim etiladi.

Biografik ma’lumotlar, barmoq izlari va raqamli surat olinadi. Hujjatlar to‘liq qabul qilingach, karta bir ish kunida rasmiylashtiriladi.

Karta bepul beriladi. Kartaning amal qilish davrida vatandoshni turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish ham davlat bojisiz amalga oshiriladi.

Karta qanday huquqlarni beradi?

«Vatandosh» kartasi egasi:

  • O‘zbekistonga vizasiz kirishi va mamlakatdan chiqishi;
  • ko‘chmas mulk sotib olishda chet el fuqarolari uchun belgilangan eng kam qiymat talablarisiz hamda yashash guvohnomasisiz mulk xarid qilishi;
  • mehnat faoliyati huquqini tasdiqlovchi alohida hujjat olmasdan ishlashi;
  • O‘zbekiston fuqarolari uchun belgilangan shartlarda tibbiy, ta’lim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanishi mumkin.

Oila a’zolariga qanday imtiyozlar beriladi?

Karta egasining ota-onasi, eri yoki xotini hamda voyaga etmagan farzandlari:

  • davlat bojisiz ko‘p martalik viza olishi va uni O‘zbekistondan chiqmasdan cheklanmagan marta uzaytirishi;
  • O‘zbekiston fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda tibbiy, ta’lim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanishi;
  • turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishni davlat bojisiz rasmiylashtirishi va uzaytirishi mumkin.

Guvohnoma va karta qachon bekor qilinadi?

Guvohnoma va karta:

  • vatandoshning o‘z iltimosiga ko‘ra;
  • vatandosh og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat uchun hukm qilinganda;
  • investitsiyalar jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq mablag‘lar hisobidan kiritilgani aniqlanganda;
  • vatandosh vafot etganda;
  • guvohnoma berishni tashabbus qilgan yoki qonunchilikda ko‘rsatilgan vakolatli organ va mansabdor shaxsning taqdimnomasi asosida bekor qilinishi mumkin.
Chat