Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 10350 marta o'qildi

Kakov razmer posobiya po berzrabotitse


Kim ishsizlik nafaqasi olishi mumkin?

Belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etilgan shaxs ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega.

Ishsiz shaxs — ishga va ish haqiga ega bo‘lmagan, ish qidirayotgan, ishlashga tayyor bo‘lgan hamda mahalliy mehnat organida ro‘yxatga olingan mehnatga layoqatli shaxs.

Shaxsni ishsiz deb e’tirof etish va nafaqa tayinlash mahalliy mehnat organining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.

Nafaqa qachondan va qancha muddat to‘lanadi?

Ishsizlik nafaqasi shaxs mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan birinchi kundan boshlab hisoblanadi va to‘lanadi.

Nafaqa 12 oylik davr ichida ko‘pi bilan 26 kalendarь hafta davomida to‘lanadi.

Joriy oyda ishsizlik nafaqasi o‘tgan oy uchun to‘lanadi. To‘liq bo‘lmagan oy uchun nafaqa to‘lanishi kerak bo‘lgan kunlar soniga mutanosib ravishda hisoblanadi.

Ishsizlik nafaqasiga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinmaydi.

Ishsizlik nafaqasi miqdori

Ishdan va ish haqidan so‘nggi 12 oy ichida mahrum bo‘lgan shaxslarga nafaqa avvalgi ish joyidagi o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi miqdorida tayinlanadi.

Bunda nafaqa:

  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam;
  • nafaqa hisoblanayotgan vaqtda O‘zbekistonda shakllangan o‘rtacha ish haqidan ko‘p bo‘lishi mumkin emas.

Bir yildan ortiq tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlamoqchi bo‘lgan shaxslarga nafaqa mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir baravari miqdorida tayinlanadi.

Ilgari ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxslarga nafaqa mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining kamida 75 foizi miqdorida tayinlanadi.

Nafaqa oluvchining majburiyatlari

Ishsizlik nafaqasini olayotgan shaxs:

  • faol ravishda ish qidirishi;
  • ishga joylashtirish, kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish bo‘yicha yo‘llanma olish uchun ikki haftada kamida bir marta mahalliy mehnat organiga murojaat qilishi;
  • ishga joylashgani yoki nafaqa to‘loviga ta’sir qiluvchi boshqa holatlar haqida xabar berishi kerak.

Uzrsiz sabablarga ko‘ra maqbul ish bo‘yicha taklifni rad etish, belgilangan vaqtda kelmaslik yoki noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etish nafaqa to‘lovining to‘xtatilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Qanday murojaat qilinadi?

Shaxsni ishsiz deb e’tirof etish va ishsizlik nafaqasini tayinlash uchun:

  • mahalliy mehnat organiga;
  • Davlat xizmatlari markaziga;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish mumkin.

Xizmat ko‘rsatish jarayonida zarur ma’lumotlar davlat organlarining axborot tizimlari orqali tekshiriladi.

Chat