Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 3288 marta o'qildi

Pod’ezdda yoritish ishlamaydi

Pod’ezd va zinapoyalardagi umumiy yoritish tizimi umumiy mol-mulk tarkibiga kiradi. Mulkdor nosozlik haqida boshqarish organining dispetcherlik xizmatiga xabar beradi va buyurtma raqamini oladi.

Nosozlik bartaraf etilmasa, foto yoki video ilova qilingan yozma talabnoma beriladi. Elektr uskunasi ochiq qolgan yoki odamlar uchun xavf tug‘dirayotgan bo‘lsa, bu avariya holati sifatida ko‘rsatilishi kerak.

Tomdan kvartiraga suv o‘tdi

Tom umumiy mol-mulk hisoblanadi. Mulkdor boshqarish organidan:

  • suv o‘tish sababini aniqlash;
  • dalolatnoma tuzish;
  • tomdagi nosozlikni bartaraf etish;
  • etkazilgan zararni baholashda ishtirok etishni talab qilishi mumkin.

Dalolatnomada zarar ko‘rgan xona, shift, devor, mebel yoki texnika qayd etiladi. Zarar boshqarish organining majburiyatini lozim darajada bajarmagani sababli kelib chiqqan bo‘lsa, uni qoplash masalasi talabnoma yoki sud orqali hal qilinadi.

To‘lovlar haqida hisobot berilmayapti

Mulkdor yillik smeta, bajarilgan ishlar, shartnomalar va to‘lov hujjatlarini so‘rash huquqiga ega. Murojaatni og‘zaki emas, qabul qilingani tasdiqlanadigan shaklda berish lozim.

Hujjatlar berilmasa, hududiy nazorat inspektsiyasiga boshqarish organining mablag‘larni hisobga olishi va hisobot berishini tekshirish haqida shikoyat qilinadi.

Erto‘lada oqova suv to‘plandi

Boshqarish organi avariya oqibatida to‘plangan suv va oqova massalarini chiqarish hamda erto‘lani dezinfektsiya qilishni 24 soat ichida ta’minlashi kerak.

Avariya tashqi kommunal tarmoqda bo‘lsa, boshqarish organi tegishli ta’minotchi tashkilotni xabardor qilishi va o‘z javobgarlik chegarasida chora ko‘rishi lozim.

Boshqaruvchi tashkilot vazifasini bajarmayapti

Takroriy murojaatlar natija bermasa, mulkdorlar umumiy yig‘ilish chaqirib:

  • boshqarish organining hisobotini eshitish;
  • kamchiliklarni bartaraf etish muddatini belgilash;
  • shartnomani bekor qilish;
  • yangi boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchini tanlash masalasini ko‘rib chiqishi mumkin.

Muhim: muammoni isbotlash uchun murojaatlar, foto-videolar, dalolatnomalar, cheklar va javob xatlarini saqlash kerak.

Ushbu vaziyatlarda «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida»gi Qonun va Ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalari qo‘llaniladi.

Chat